Turkmanistonda tuxum inqirozi davom etmoqda. Aholi odam boshiga 10-15 donadan sotilayotgan tuxumni xarid qilish uchun soatlab navbat kutishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Foto: “Turkmen.News”

Xususiy savdo nuqtalarida tuxumning donasi bir yarim manatgacha narxda sotilmoqda, davlatga qarashli do‘konlardan esa har kuni o‘nlab odamlar tuxum kelishini navbatda turib kutmoqda. Yakunda uyiga tuxum ololmay ketayotganlar ham uchramoqda.

Xabarga ko‘ra, davlat do‘konlarida bir kishiga ko‘pi bilan 15 ta tuxum donasiga 0,45 manatdan sotilmoqda. Bir yil avval mamlakatdagi tuxum narxi 0,33 manat bo‘lgan.

Turkmaniston poytaxti Ashxobod aholisi narx o‘sgani yetmagandek davlat do‘konlaridan sotib olingan tuxumlardan ko‘ngilni aynituvchi dori ta’mi kelayotganidan nolimoqda. Uy bekalarining aytishicha, tuxum qovurilgan vaqtda bu ta’mni ketkazish uchun quymoqqa piyoz va tomat qo‘shishga to‘g‘ri keladi, tuxumlar hamir qorish, non yopish va pishiriqlar pishirishga yaroqsiz. Aholi vakillari mahsulot Erondan kelganini, Turkmaniston valyuta vositalarini tejash uchun eng past sifatdagi tovarlarni sotib olganini ta’kidlamoqda.

“Boshqa ilojimiz yo‘q. Bozordan qimmatga tuxum xarid qilish mumkin, ammo bunga hammaning ham qurbi yetmaydi”, — deydi davlat do‘koni oldida navbatda turgan ayol.

Mamlakatda tuxumdan tashqari boshqa mahsulotlar — un, shakar, o‘simlik yog‘i, tovuq go‘shti hamda tovuq oyoqlari ham taqchil bo‘lib qolgan.