O‘zbekiston fuqarolarining 6,2 million nafari 2019-yilning yanvar—iyun oylarida xorijiy mamlakatlarga tashrif buyurdi. 2018-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 7 million kishini tashkil etgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

2019-yil yanvar—iyun oylarida O‘zbekiston fuqarolaridan 5,9 million kishi MDH davlatlariga tashrif buyurgan bo‘lib, ularning 3,3 millioni qarindoshlarini yo‘qlash maqsadida, 1,9 million kishi ishlash maqsadida, 60,4 ming nafari esa sayyohlik maqsadida mazkur mamlakatlarga borgan.

Mazkur davr ichida chet elga ketgan o‘zbekistonliklarning safar maqsadlari bo‘yicha taqsimlanganda, ularning 54,5 foizi qarindoshlarini yo‘qlash, 31,5 foizi ishlash, 3,1 foizi doimiy yashash, 3,9 foizi sayyohlik maqsadida, 0,8 foizi xizmat yuzasidan, 0,7 foizi tranzit, 0,5 foizi o‘qish, 0,3 foizi davolanish maqsadida va 4,7 % boshqa maqsadlarda ketganligini ko‘rish mumkin.

Uzoq xorijiy davlatlarga esa joriy yilning olti oyi davomida O‘zbekiston fuqarolaridan 288,9 ming kishi tashrif buyurgan bo‘lib, ulardan 178,9 ming nafari sayyohlik maqsadida, 41,1 ming nafari ishlash maqsadida xorijga chiqib ketgan.

Chet elga ketgan o‘zbekistonliklarning asosiy qismi, ya’ni 44,8 foizi Qozog‘istonga borgan. Qirg‘izistonga tashrif buyurganlar 26,9 foizni, Rossiyaga safar qilganlarning ulushi esa 11,9 foiz yoki 736,6 ming kishini tashkil qilgan. Tojikistonga 673,6 ming, Turkmanistonga 47,8 ming o‘zbekistonlik tashrif buyurgan.

Uzoq xorijiy mamlakatlarga ketgan O‘zbekiston fuqarolarining asosiy qismi, ya’ni 98,8 ming kishi Turkiyaga tashrif buyurgan. Ro‘yxatning keyingi qatorlaridan Janubiy Koreya (41,6 ming kishi), BAA (29,2 ming kishi), Saudiya Arabistoni (25,2 ming kishi), Xitoy, Hindiston va AQSh (mos ravishda 15,9, 13,9 va 10,6 ming kishi) joy olgan.