Afg‘onistonda o‘tgan prezidentlik saylovlarining dastlabki natijalari avval ma’lum qilinganidek ikki haftada emas balki ushbu muddatdan ham kechroq e’lon qilinishi mumkin. Bu haqida Mustaqil saylov komissiyasi xodimi Mavlon Muhammad Abdulla ma’lumotiga asoslanib “Afghanistan.ru” xabar berdi.

Foto: Reuters

Saylovlar o‘tkazilganidan keyin 28-sentabrda saylovchilarning ro‘yxatdan o‘tganini tasdiqlovchi biometrik qurilmalardagi ma’lumotlar Mustaqil saylov komissiyasiga taqdim qilinishi boshlangandi.

Rasmiy axborotga ko‘ra, ma’lumotlar bazasiga saylov uchastkalaridagi 26 568 qurilmadan ma’lumotlar kelib tushishi lozim. Mavlon Muhammad Abdullaning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda 22 400 qurilmadagi ma’lumotlar olingan va yana 14 mingtadagi axborotlar bazaga jamlanishi lozim.

Avvaliga saylovlar nihoyasiga yetgach ma’lumotlarni internet orqali bazaga kelib tushishi rejalashtirilgandi. Ammo saylovlar o‘tkazilganiga bir hafta bo‘lgan bo‘lsa ham bazadagi ma’lumotlar oxirigacha umumlashtirilgani yo‘q. Mustaqil saylov komissiyasi kotibiyati rahbari Habib ur-Rahmon Nang bunga internet tarmog‘idagi uzilishlar sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. Natijada turli saylov uchastkalaridagi barcha qurilmalar komissiyaga ko‘chirib olib kelina boshlandi.

“Bu muammoli masala emas, amalda barchasi sodda ko‘rinadi. 5-oktabrda 26 ming biometrik qurilma komissiya ixtiyoriga yetkazilgan. Biz qurilmalarni olganimizga endi uch kun bo‘ldi”, — deydi Habib ur-Rahmon Nang.

Afg‘oniston tahlilchilari ma’lumotlarning uzoq vaqtda — bitta qurilmadan yuklab olishning o‘ziga taxminan bir soat vaqt sarflanayotganiga e’tibor qaratgan.

Dastlab ishlab chiqilgan taqvim bo‘yicha saylovlarning dastlabki natijalari 19-oktabrda, yakuniy natijalari esa 7-noyabrda e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan, biroq ma’lumotlarni umumlashtirishga ko‘p vaqt ketayotganini inobatga olgan holda ushbu sanalar kechikishi mumkin.

Avval Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani mamlakatning yangi prezidenti yaqin uch hafta ichida qasamyod qilishini aytgandi.