Daniyadagi parlament yig‘ilishlaridan birida sirk fillari va tuya sababli kulgi ko‘tarildi, deb yozmoqda Meduza. Bunga yangi bosh vazir Mette Frederiksenning Daniya sirkidagi so‘nggi 4 ta filni sotib olgani haqidagi hikoyasi sabab bo‘ldi.

Foto: Berlingske

Qayd etilishicha, o‘tgan yili Daniya sirklarda hayvonlardan, shu jumladan, fillardan foydalanishni taqiqlagan. Endi hukumat hayvonlarning keyingi taqdiri yaxshi o‘tishi uchun ularni sotib olmoqda.

So‘nggi 4 ta fil uchun davlat budjetidan 11 million daniya kroni (1,6 million yevro) sarflangan. Biroq kutilmagan holat sodir bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, fillardan biri tuya bilan ancha yildan beri do‘st bo‘lgan. 2010-yilda ular o‘sha paytda yashagan Denneborg shahri sirki haqidagi hujjatli filmda ham birga chiqqan. Shundan buyon ularning munosabati mustahkamlanib borgan.

Bosh vazir ularni ajratmaslik kerakligini aytishgani uchun tuyani ham sotib olishga to‘g‘ri kelganini aytgan va o‘zini kulgidan to‘xtata olmagan. Unga qo‘shilib butun parlament ham kulib yuborgan.

Xabarda aytilishicha, yaqin kunlarda fillar va tuya yangi joyga ko‘chiriladi — hukumat eng yaxshi sharoit bilan ta’minlangan park yoki hayvonot bog‘iga ularni tekinga berib yuboradi.