“O‘zbekkino” milliy agentligi o‘zining texnologik bazasini keng ko‘lamli qayta jihozlashni boshladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “O‘zbekkino” matbuot xizmati

Daniya poytaxti Kopengagen shahrida “O‘zbekkino” milliy agentligi va Daniyaning Danmon Group kompaniyasi o‘rtasida “O‘zbekfilm” kinostudiyasi kino uskunalari, texnologik tizimlari va multimedia mahsulotlari bilan jihozlash bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirish yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar badiiy filmlar, hujjatli filmlar, multiplikatsion filmlar tayyorlash uchun asbob-uskunalarni yetkazib berish masalalarini muhokama qildi. Loyiha yaqin ikki yil ichida amalga oshiriladi. Kino jihozlarini modernizatsiya qilish bilan bir qatorda, “O‘zbekfilm” kinostudiyasi maydonchasi qayta ta’mirdan chiqariladi.

Loyihada “O‘zbekfilm”ning film yaratish jihozlari va hujjatli filmlar kinostudiyasi, multiplikatsion studiya hamda respublika kino fondining to‘liq yangilanishi ko‘zda tutilgan.

“Yangi jihozlar yordamida O‘zbekiston va xorij arxiv fondlarida saqlanayotgan kinotasmalarni raqamlashtirish va qayta tiklash imkonini qo‘lga kiritamiz”, — degan “O‘zbekkino” rahbari Firdavs Abduxoliqov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Canon, Apple, Vicon va shu kabi boshqa kompaniyalar O‘zbekistonga Markaziy Osiyodagi eng yirik kino ishlab chiqarish bazasini yaratishga imkon beradi.