Rejissor Umid Hamdamovning “Issiq non” kinokartinasi “Oskar” mukofotiga “Eng yaxshi xalqaro badiiy film” nominatsiyasi bo‘yicha da’vogarlik qiladigan filmlar ro‘yxatiga kirdi. Jami 93 mamlakat ariza bergan bo‘lib, O‘zbekiston, Gana va Nigeriya birinchi bor ishtirok etmoqda, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Kadr: “Issiq non” filmi

Amerika kinematografiya san’ati va fani akademiyasi qoidalariga ko‘ra, ushbu yo‘nalish bo‘yicha mukofotga AQSh hududidan tashqarida suratga olingan, davomiyligi 40 daqiqadan oshmagan, dialoglarining asosiy qismi xorijiy tilda bo‘lgan filmlar da’vogarlik qiladi.

Mazkur yo‘nalish bo‘yicha qisqa ro‘yxatga kiritilgan nomzodlar 16-dekabr kuni e’lon qilinadi va g‘oliblar nomi 13-yanvar kuni ma’lum bo‘ladi. Mukofotlar 9-fevral kuni Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan 92-“Oskar” taqdirlash marosimida topshiriladi.

Umid Hamdamovning “Issiq non” filmi 2019-yil aprelida Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Oltin humo” taqdimotida “Eng yaxshi montaj ishi”, “Eng yaxshi ssenariy” va “Eng yaxshi film” yo‘nalishlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi. Rossiyaning Anapa shahrida bo‘lib o‘tgan “Kinoshok” festivalida esa Gran-priga loyiq ko‘rilgan edi.