Joriy yilning yanvar—iyun oylarida O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolari soni 3,7 million kishini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 971,9 ming kishiga ko‘p bo‘lib, 35,7 % ga ortgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: O‘zA

MDH davlatlaridan O‘zbekistonga 3,4 million kishi tashrif buyurgan bo‘lib, ularning 2,5 millioni qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida, 254,7 ming nafari sayyohlik maqsadida, 358,9 ming nafari tranzit orqali tashrif buyurgan.

Mazkur davr mobaynida uzoq xorijiy davlatlardan respublikaga 270,3 ming kishi tashrif buyurgan. Ulardan 150 ming nafari sayyohlik maqsadida, 26,7 ming nafari qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida, 14,3 ming nafari esa xizmat maqsadlarida kelgan.

O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolarining asosiy qismini Qozog‘iston fuqarolari tashkil qilgan. Ularning soni 1,2 million kishi bo‘lib, barcha tashrif buyurganlarning 32,1 foizini tashkil etadi. Unda keyingi o‘rinlarda Tojikiston — 1,03 million kishi yoki 28,0 foiz, Qirg‘iziston — 680,7 ming kishi yoki 18,4 foiz, Rossiya — 260,4 ming kishi yoki 7 foiz, Turkmaniston — 233,4 ming kishi yoki 6,3 foiz va Belarus — 9,1 ming kishi  yoki 0,2 foiz bilan joylashgan.

Uzoq xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolarining asosiy qismini Turkiya fuqarolari tashkil qilgan. Turkiyadan 49,3 ming kishi tashrif buyurgan. Xitoydan 26,9 ming, Janubiy Koreyadan 18,6 ming, Hindistondan 16,8 ming, Germaniyadan 11,7 ming, Yaponiyadan 9,5 ming kishi, Fransiya, Italiya va Isroil davlatlaridan mos ravishda 9,3, 8,8 va 6 ming kishi tashrif buyurgan.

Mamlakatga kelgan chet el fuqarolarining asosiy qismi, ya’ni 68,6 foizi qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida tashrif buyurgan. O‘zbekistonga kelgan chet elliklarning 10,9 foizini sayyohlar tashkil qilgan bo‘lib, ularning soni qariyb 405 ming kishini tashkil qilgan.

Joriy yilning birinchi yarmida tashrif buyurgan xorijliklarning 55 foizini erkaklar, 45 foizini esa ayollar tashkil etadi.