Namanganga AQShning Michigan universiteti delegatsiyasi keldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati

Mehmonlarni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov qabul qildi. Michigan universiteti urologiya fakulteti dekani o‘rinbosari, professor Hofiz Xolid, xirurgiya fakulteti yuz-jag‘ xirurgiyasi kafedrasi rahbari, dotsent Brend Vard, universitet qoshidagi bolalar gospitali dotsenti, pediatriya mutaxassisi Sheyn Kinones hamda anesteziologiya kafedrasi dotsenti Alisher Dadaboyevdan iborat delegatsiya bilan bo‘lgan uchrashuvda Namangan viloyati hamda ushbu universitet o‘rtasida tibbiyot sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Mehmonlar tibbiyot va farmatsevtika sohasida O‘zbekistonning eng rivojlangan viloyati bo‘lishga intilayotgan Namanganda bu sohada olib borilayotgan ishlar, xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan loyihalar hamda Namangan shahrida sentabr oyida bo‘lib o‘tgan xalqaro tibbiyot va farmatsevtika forumi haqida ma’lumot oldi.

Namangan viloyati tibbiyot boshqarmasi hamda Michigan universiteti o‘rtasida keng qamrovli hamda doimiy hamkorlik qilish borasida kelishuvga erishildi.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Shundan so‘ng Michigan universiteti vakillari Namangan shahar hokimligi majlislar zalida tashkil etilgan ilmiy-tibbiy anjumanda ishtirok etdi. Unda amerikalik shifokorlar mahalliy hamkasblari uchun urologiya, xirurgiya, pediatriya va anesteziologiya yo‘nalishlarida o‘ziga xos mahorat saboqlarini o‘tib berdi. Bu boradagi ko‘plab savollarga batafsil javob qaytardi.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

— AQShga xizmat safarimiz chog‘ida Michigan universiteti delegatsiyasining O‘zbekistonga kelishi borasida kelishuvga erishgandik, — deydi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi raisi Ravshan Izomov. — Ularni kutib olishga Namangan viloyati hokimligi rag‘bat bildirdi, shu bois mazkur viloyatni tanladik. O‘zi milliy palata raisi sifatida ham Namanganga yaqin oradan beri to‘rtinchi yo beshinchi bor kelishim, chunki bu yerda tibbiyot yo‘nalishida o‘tkazilayotgan tadbirlar ko‘p. E’tiborli tomoni, amerikalik shifokorlar tashrifida asosiy urg‘u faqat bemorlar ko‘rigiga emas, mahalliy mutaxassislarni o‘qitish, eng ilg‘or xorijiy tajriba bilan o‘rtoqlashishga qaratildi. Mehmonlarimiz safida hamyurtimiz Alisher Dadaboyev ham borligi, safarni tashkillashtirishda jonbozlik ko‘rsatganini esa faxr bilan aytish mumkin.

Ravshan Izomov.
Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Alisher Dadaboyev Andijonda tug‘ilib-o‘sgan, shu yerda tibbiyot institutini tamomlagan. So‘ng tadqiqotchi sifatida Niderlandiya, Belgiya va AQShda malakasini oshirgan. Oxirgi 4 yildan beri Michigan universitetida faoliyat olib bormoqda. “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a’zosi.

Alisher Dadaboyev.
Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

— AQShda faoliyat olib borayotgan Markaziy Osiyo, xususan, o‘zbekistonlik ko‘plab tibbiyot mutaxassislari bilan muloqotda bo‘lib turaman. Sent-Luis universiteti klinikasi professori, ortoped-travmatolog Yo‘ldosh Quljonov, Kaliforniyadagi tibbiyot maktabi professori, neyroxirurg Alisher A’zamov bu yerga otlanganimizni eshitib xursand bo‘lishdi, oq yo‘l tilashdi. O‘zimni dunyodagi eng ajoyib kasb egasi deb bilaman, asosiy faoliyatim ham algologiya, ya’ni og‘riq qoldirish bilan bog‘liq. Nazarimda, shifokor faqat bemorlarni davolash bilan shug‘ullanishi lozim, qandaydir jadvallar to‘ldirish yoki kimlarnidir kutib olish-kuzatish bilan emas. To‘g‘ri, balki bu ham kerakdir, lekin bu bilan mashg‘ul bo‘ladigan boshqa odamlar ham bor. Aytmoqchi bo‘lganim, asosiy missiyadan chalg‘imaslik zarur, — deydi Alisher Dadaboyev.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Amerikalik shifokorlar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali, viloyat ko‘p tarmoqli va bolalar tibbiyot markazlarida bo‘lib, hamkasblari bilan muloqot qildi, bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

Foto: Michigan universiteti

Ma’lumot uchun, AQShning yetakchi o‘quv-ilmiy markazlaridan bo‘lgan Michigan universitetiga 1817-yilda asos solingan. Hozirda turli mamlakatlarda 460 mingdan ortiq bitiruvchisi bor, bu dunyo universitetlari ichida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.