“Sizdan Telegram” kanalida “Imom Muhammad qabristoni uzoq yillardan buyon qarovsiz ahvolda” sarlavhali xabar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Shofirkon tumani, Talija qishlog‘idagi imom Muhammad qabristoni uzoq yillardan buyon qarovsiz ahvolda bo‘lgan. Atrofi devor bilan o‘ralmagan, qabristonni obod qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmagan.

Foto: “Daryo”

Ma’lumki, Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan Buxoro 2020-yildagi Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilingan. Ayni vaqtda shu munosabat bilan viloyatda barcha tarixiy obidalar, muqaddas ziyoratgohlar, shuningdek, qabristonlarda keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Buxorodagi yetti pirlardan biri Xo‘ja Orif Mohitobon ziyoratgohi joylashgan Shofirkondagi Imom Muhammad qabristonini ham saqlash va obodonlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tuzilgan.

Tumandagi Talija, So‘fiyon, Savrak, Bog‘iafzal, Jilvon qishloqlari aholisi uchun mo‘ljallangan ushbu ko‘hna qabriston 2,5 gektardan iborat bo‘lib, 1930-yilda yotqizilgan. Qabriston joylashgan “Bog‘iafzal” MFY raisi Furqat Qudratovning “Daryo” muxbiriga aytishicha, qabriston hududini obodonlashtirishga ancha oldin kirishilgan.

Foto: “Daryo”

2015-yilda davlat budjetidan ajratilgan 38 million so‘m evaziga sharqiy darvozasining o‘ng tomonidan 116 metrigacha pishiq g‘ishtdan devor bilan o‘ralgan. Har ikki darvozani tutashtiruvchi 250 metrga yaqin masofaga ham shu yil avgust—sentabr oylarida alohida devor barpo qilingan. Hozirda esa 20x5 metr hajmdagi ayvonda qurilish ishlari olib borilmoqda. Qabristonning har ikki darvozasi oralig‘idagi yo‘lga shag‘al yotqizilgan. Shu joyda nasos o‘rnatilgan va u orqali atrofda parvarishlanayotgan 60 tupdan ortiq archa va boshqa manzarali daraxtlar sug‘oriladi. Bundan tashqari, o‘tganlar xotirasiga tilovat o‘qish uchun o‘rindiq va soyabonlar o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

Foto: “Daryo”

Shunga qaramay, hali qabriston atrofidagi qariyb 30 sotixcha maydon obodonlashtirilmagan, qamish va shunga o‘xshash begona o‘tlar bosgan. Shofirkon tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Zavqiddin Zoyirovga ko‘ra, qabristonning qolgan ushbu qismini ham obodonlashtirish maqsadida mahalla aholisini hasharga chorlash taklifi berilgan. Biroq, so‘nggi ikki oyda ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda qabristonlarni (jumladan, Ismom Xafsi Kabir Buxoriy qabristoni) obodonlashtirish va undagi turli qurilish ishlariga odamlarning majburiy hasharga jalb etilayotgani haqidagi xabarlar “bolalagach”, ikkilanishlar oqibatida Imom Muhammad qabristoni qorovuli va bir necha ko‘ngilligina obodonlashtirishga ko‘mak berib turgan.

Foto: “Daryo”

— Qabristonda qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari davom etyapti. Biroq, 2,5 gektarli qabriston maydonidan 30 sotixli joyning qarovsiz qoldirilishiga mahalla faollari, hudud aholisi ham jiddiy e’tibor qaratishlari lozim edi. Shu hududda yashaydigan, ziyoratgoh obodonchiligiga o‘z xohish-istagi bilan hissa qo‘shishga ko‘mak bera oladigan odamlarni chorladik. Endi o‘zingiz o‘ylang, ota-bobolari yotgan muqaddas qadamjoni obod qilishga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shish qadimiy urf-odat emasmi? Suratdagi tasvirlar qabristonning bundan ikki-uch oy ilgarigi holati. Xayrli ishlarni noo‘rin baholash dinimizga ham, o‘zbekchiligimizga ham to‘g‘ri kelmaydi, — dedi “Daryo” muxbiri bilan suhbatda tuman imom-xatibi Jasur Latipov.

Ma’lumot uchun, tumandagi mavjud 111 ta qabriston ta’miri va risoladagidek saqlash ishlariga 2018-yilda 550 million so‘m, 2019-yilning shu kuniga qadar esa 247 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.