“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qoladigan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni olti yildan buyon novvoylik qilayotgan yigit.

Muhammadali O‘rinboyev Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. Hozir 22 yoshda. Shahardagi transport kasb-hunar kollejini tamomlagan. Olti yildan beri novvoychilik qilib kelmoqda.

Mehnatda o‘tgan bolalik

Aslida novvoychilikka hech qachon qiziqmaganman. Lekin oilaviy sharoitimiz tufayli bolalikdan ishlashimga to‘g‘ri kelgan. O‘shanda opalarimning bo‘yi yetib qolgan, ularni turmushga uzatish kerak edi. Bilasiz, vodiyda qiz chiqarish ancha mushkul ish. To‘y qilish va uyimizdagi moddiy yetishmovchiliklarda dadamga yordam berish uchun non yopib pul topganman.

Foto: “Daryo”

Bobom novvoy bo‘lgan, otam ham. Qonimda borligigami, bilmayman, 14 yoshimda aynan novvoy amakiga shogird tushganman.

Boshida olovdan qo‘rqib, tandirga kirolmaganman. Bir necha marotaba qo‘limni kuydirib olganman. Lekin inson majbur bo‘lsa hammasini uddasidan chiqar ekan. Zehnim o‘tkir bo‘lgani uchun ikki oyda ustozimdan novvoychilikning sir-asrorlarini o‘zlashtirib olganman.

Avvalgi va hozirgi novvoylar 

Avvallari oilaviy novvoyxonalar bo‘lgan. Ya’ni ayollar xamir qilgan, non yasagan. Erkaklar esa yopgan. Dadamning ham o‘z novvoyxonasi bor edi. Lekin onam farzandli bo‘lganidan keyin otamning o‘zi qiynalib uni yopishiga to‘g‘ri kelgan.

Hozir esa vaziyat o‘zgargan. Misol uchun bizning ishxonamizda barchaning o‘z vazifasi belgilangan. Kimdir xamir qiladi, kimdir yasaydi. Men esa uni yopaman. Lekin kemaga tushganning joni bir deganlaridek, vaqti kelsa bir-birimizning ishimizni ham qilib ketaveramiz.

Foto: “Daryo”

Odamzod yashar ekan, har doim nonga ehtiyoji bo‘ladi

Har kuni sahardan tahorat olib, “Bismillahir rohmanir rohiym, Xudo sharmanda qilmagin, o‘zing rozi bo‘lgin” deb duo qilib boshlayman. Xudoga shukur, kam bo‘lganim yo‘q.

Ish kunim soat 6:00 dan boshlanib, 17:00 gacha davom etadi. Kuniga 1 500 dan ortiq non yopaman. Daromadim — bir oyda 3 million so‘m. “Zakaz”lar ko‘payib ketsa, yana qo‘shimcha haq olaman. Xullas, novvoychilik eng daromadli kasb hisoblanadi. Inson yashar ekan har doim nonga ehtiyoji bo‘ladi. Shuning uchun novvoychilik hunari o‘lmaydi.

Har kim ham novvoy bo‘lolmaydi

Hozirgi tengdoshlarimning asosiy maqsadi — pul. Qiyinliklariga chidab, hunar o‘rganolmaydi. Sabri, bardoshi yetmaydi. Qancha o‘rtog‘im topayotgan pulimga qiziqib, menga ham o‘rgat deb keldi. Lekin ikki-uch kun o‘tmay mashaqqatlariga chidolmay tashlab ketdi. Birinchi galda novvoy sabr-toqatli bo‘lishi kerak.

Har kuni sahar turasiz. Kechgacha tik oyoqda non yopasiz. Shofyorlar-ku, o‘tirib ishlaydi. Qassoblar “kliyent” kelganda turib xizmatini qiladi, keyin damini olaveradi. Lekin novvoylar tik oyoqda kamida 12 soat ishlaydi. O‘tirib dam ovolishga sharoit bo‘lmaydi. Sababi, xamir turgan sari ko‘pchib, achiydi. Shuning uchun ish paytida dam olishga ruxsat yo‘q. Masalan, bolalikdan tik oyoqda turib ishlayotganim uchun menda varikoz paydo bo‘ldi. Eng yomoni, olovga kiraverib ko‘z nurimni yo‘qotyapman...

Foto: “Daryo”

Novvoy halol bo‘lishi kerak

Boshqa tomondan olib qaraganda, suv bilan o‘tni birlashishi — bu ilohiy narsa. Un oq, suv oq. Pok narsalar bilan ishlagandan keyin insonning o‘zi ham pok bo‘lishi kerak. Shu bois har kim ham novvoy bo‘lolmaydi.

Ishimizda eng muhimi — yolg‘on aralashtirmaslik. Hamma yangi ish boshlaganda yaxshi non tayyorlaydi. Toza undan foydalanadi, yog‘larini ham ko‘p soladi. Lekin vaqt o‘tib, mijozi ko‘payganidan keyin ayniydi. Nonning grammini kamaytiradi. Mahsulotlarni ayaydi. Bu juda noinsoflik. Inson qanday boshlagan bo‘lsa, oxirigacha shunday halol ketishi kerak.

Odamlar bilan muloqot qilish qiyin

Ishimni juda yaxshi ko‘raman. Sidqidildan bor mehrimni berib non yopaman. Nonlarim chiroyli chiqib, xaridorlar maqtab olsa, xursand bo‘laman. Lekin hammaga bir xil yoqib bo‘lmaganidek, tanqid qilganlar ham ko‘p bo‘ladi.

Aslida bolalikdan og‘ir-bosiq yigitman. Lekin har xil odam bilan muloqot qilaverib, oxirgi paytlarda jahldor bo‘lib qoldim. Qo‘pol muomala qilganlarga men ham ovozimni ko‘tarib gapirdim. Urishdim. Jerkib berdim.

Tabiiyki, bu ishimga ta’sir qila boshladi. O‘ylab qarasam, bu ishim xato ekan. Asablarimni yo‘qotyapman. Keyin kimningdir ko‘nglini og‘ritish musulmonchilikka ham to‘g‘ri kelmaydi. Hozir unday muomala qilganlarga kulib qarab uzr deyman, bo‘ldi. Ortiqcha gapirmayman.

Foto: “Daryo”

Unutilmas voqea

Bolaligimda maktabga ketish yo‘lida novvoyxona bo‘lardi. Yangi uzilgan nonning hidi dimog‘ingizni qitiqlaydi. Qorningiz to‘q bo‘lsa ham yegingiz keladi. Adashmasam, o‘shanda birinchi yoki ikkinchi sinfda o‘qirdim. Qo‘limda 50 so‘m pul bor. Non 100 so‘m edi. Novvoy akalarning oldiga borib, “akalar, rossa issiq non yegim keldi, lekin pulim yetmaydi, beraversizlarmi?” deb so‘raganman. Shunda ular meni mazax qilib, kulcha yopmayapmiz, deb non berishmagan. Bola bo‘lganimgami, ularning ustimdan kulishlari qattiq ta’sir qilgan.

Bilasizmi, oradan qancha yillar o‘tdi, lekin haliyam xotiramdan ketmaydi. Shu kerakmidi menga, deb hoziram o‘ylayman. Maktab bolalari kelib qolsa, birontasini qaytarmayman. Tekinga non beraman. Shunday bolalar kelsa-ku deb yo‘lga qarab, Xudodan so‘rab turaman.

Foto: “Daryo”

Sinovlar inson uchun minnatdorman

To‘g‘ri, yaxshi ko‘rib, o‘zim xohlab bu sohaga kirib kelmadim. Ko‘p qiyinchilik ko‘rdim. Lekin afsuslanmayman. Hech qachon bo‘ldi, hammasini yig‘ishtiraman demaganman. Chunki novvoylikdan topayotgan pulimdan ro‘zg‘orimni tebratyapman. Oilamni boqyapman. Shu kasbda o‘z o‘rnimni topdim. Agar ozgina ishimdan norizo bo‘lsam bu noshukurlik bo‘ladi.

Foto: “Daryo”

General bo‘lishni orzu qilmagan askar bo‘lmaganday, men ham yaqin orada o‘z novvoyxonamni ochishni reja qilganman. Butun umr birovning qo‘liga qarab yurishni xohlamayman. Bundan tashqari, ishim sog‘lig‘imga ta’sir qilyapti. Shu sabablar meni tezroq harakat qilishga undayapti.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.