Xalq ta’limi vazirligi Nazorat-huquqiy xizmati bergan ma’lumotga ko‘z yugurtirsangiz, farg‘onalik yana bir so‘kong‘ich hokimni “kashf etasiz”, deb yozmoqda Xalq ta’limi vazirligiga qarashli “Ma’rifat” gazetasining onlayn nashri.

Saidmurod Aminjonov.
Foto: Dang‘ara tumani hokimligi

“Farg‘ona hokimi tungi selektorga chaqirtirgan maktab rahbarlari avariyada halok bo‘ldi” sarlavhasi ostida tarqalgan maqoladan so‘ng voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumaniga borgan XTV vakillari tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Alimardon Sodiqov bilan suhbat o‘tkazgan. Suhbat davomida Alimardon Sodiqov tuman hokimi Saidmurod Aminjonov hokimlikda o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda muntazam ravishda uni kamsitib, haqoratlab kelayotganini ma’lum qilgan.

2019-yil 23-sentabr kuni soat 8:30 da tuman hokimligi majlislar zalida tuman XTB tasarrufidagi maktablar direktorlari va tumandagi boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham haqoratlab, kamsitib, “mudirlik senga qolgani yo‘q” deb so‘kib, haydab chiqarib yuborgan. Oradan bir kun o‘tib, Sodiqov viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i huzuriga borib, egallab turgan lavozimidan o‘z xohishiga ko‘ra ozod etishni so‘rab ariza bilan murojaat qilgan va o‘sha kundan boshlab ishga chiqmay qo‘ygan.

29-sentabr kuni maktab direktorlari o‘rinbosarlari ketayotgan avtomobil YTHga uchraganidan so‘ng tuman XTB rahbari voqea joyiga yetib borgan va vafot etgan 25 va 26-maktab direktorlari o‘rinbosarlarining dafn marosimi bilan bog‘liq barcha tadbirlarda ishtirok etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xodimlarning Farg‘ona shahriga borishlari yuzasidan topshiriq bergan tuman hokimligi mutasaddilari voqea joyiga kelmagan, vafot etgan hamda jarohat olganlarning holidan xabar olmagan.

Tumandagi 7 ta maktab direktori bilan o‘tkazilgan suhbat chog‘ida tuman hokimi Saidmurod Aminjonov maktab direktorlarini har dushanba kuni hokimlik soatiga jalb qilib, yig‘ilishni tuman xalq ta’limini muhokama qilishdan boshlab, shu asnoda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Alimardon Sodiqovni ko‘pchilikning oldida izza qilishini, arzimagan kamchiliklar uchun haqoratlab, kamsitishini, ba’zida esa maktab rahbarlarini ham kamsitib, ularni ham haqoratlashini o‘zlarining tushuntirish xatlarida ma’lum qilgan.

“Ma’rifat” gazetasining alohida qayd etishicha, maktab direktorlari orasida hokimning turmush o‘rtog‘i ham bor.

“O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi maqolada tilga olingan hodisalarni o‘rganib, tegishlicha huquqiy baho beradi degan umiddamiz”, — deb yakunlanadi gazetaning maqolasi.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyevning ijtimoiy tarmoqlarda soqol, ro‘mol va ish joylarida namozga qarshi chiqib, bunga bo‘ysunmaganlarni qamash bilan tahdid qilgani muhokama qilingan audiosi tarqalganidan so‘ng, Prezident va senatorlardan uzr so‘ragan edi.

Qashqadaryoda daladan ruxsatsiz makkajo‘xori tergan keksa kishini ushlab, uni nevaralari oldida haqorat qilgan Mirishkor tumani hokimi ham o‘z xatti-harakati uchun uzr so‘ragandi.

Majburiy ijro byurosi Payariq tuman bo‘limi boshlig‘i Zafar Qosimov o‘z qo‘l ostidagi xodimlarni kechqurun yig‘ib, ularning orasidan undiruv rejasini bajarmagan xodimlarni o‘ta qo‘pol va nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlab, sha’nini kamsitayotgan video tarqalgandi. Shundan so‘ng Zafar Qosimov bo‘lim xodimlaridan kechirim so‘ragan. Hozirda uning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.