Xalq ta’limi vazirligiga qarashli “Ma’rifat” gazetasining onlayn nashri Farg‘onada 29-sentabr kuni ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lgan maktab direktorlari o‘rinbosarlari hokimlik topshirig‘ini bajarish uchun ketayotgan bo‘lganini ma’lum qildi.

Foto: “Kun.uz”

29-sentabr, yakshanba kuni soat 20:45 larda Dang‘ara tumanidagi 25-maktab direktori o‘rinbosari M.D. boshqarib ketayotgan Nexia mashinasi yo‘lni yorituvchi temir stolbaga urilishi natijasida avtomashinaga o‘rnatilgan gaz balonida yong‘in sodir bo‘lgan. Haydovchi va old o‘rindiqda bo‘lgan yo‘lovchi — 26-sonli maktab direktori o‘rinbosari U.Sh.lar voqea joyida halok bo‘lgan. Orqa o‘rindiqda bo‘lgan yo‘lovchilar — 38-sonli maktab direktori o‘rinbosari T.L. va Dang‘ara tumani Xalq ta’limi bo‘limi qorovuli M.B. tan jarohati olib, shifoxonaga joylashtirilgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan dastlabki xabarlarda maktab rahbarlari Farg‘ona viloyati hokimligida soqol va ro‘mol masalasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ishtirok etish uchun ketayotganida YTH sodir bo‘lgani aytilgandi. Biroq Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati 30-sentabrga o‘tar kechasi viloyat hokimligida hech qanday selektor yig‘ilishi o‘tmaganligini, boshqa biron-bir sabablar bilan ham hech kim, jumladan, Dang‘ara tumanida avtohalokatga uchragan shaxslar viloyat hokimligiga chaqirilmaganini bildirdi.

Ichki ishlar vazirligi ham o‘z navbatida 29-sentabr kuni Farg‘ona viloyati hokimligida hech qanday yig‘ilish yoki selektor o‘tkazilishi belgilanmaganligi, shuningdek, YTHga uchragan haydovchi va yo‘lovchilar o‘zlarining shaxsiy yumushlari bilan Dang‘ara tumanidan Qo‘qon shahriga ketayotgan bo‘lgani aniqlanganini ma’lum qilgan.

“Kun.uz” o‘tkazgan surishtiruvda YTHda omon qolgan 38-maktab direktori o‘rinbosari T.L. tuman XTB topshirig‘i bilan ketishayotganda baxtsiz hodisaga uchraganini aytgan: “29-sentabr kuni tuman xalq ta’limi boshqarmasidan 30-sentabr kuni Farg‘ona shahrida o‘tadigan ‘O‘qituvchilar bayrami’ga Dang‘ara tuman ko‘rgazmasini olib borib, o‘rnatish kerakligini aytishdi. Biz yo‘lga chiqib, yo‘lda avariyaga uchradik”.

Dang‘ara tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Alimardon Sodiqov direktor o‘rinbosarlari va XTB qorovuli Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tadigan tadbirga ko‘rgazmali qurollarni olib ketayotib halokatga uchragani haqiqat ekanligini tasdiqlagan.

Alimardon Sodiqov (o‘ng tomonda).
Foto: “Kun.uz”

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda maktab rahbarlari tungi selektorga ketayotgani haqida aytilibdi. Maktab direktor o‘rinbosarlari, xo‘jalik bo‘yicha mas’ul va qorovul selektorlarga chaqirilmaydi. Ular bayramga tayyorgarlik uchun ketishayotgan edi”, — deya izoh bergan mutasaddi “Kun.uz”ga.

“Ma’rifat” gazetasining onlayn nashridagi materialda Dang‘ara tumani XTB mudiri Alimardon Sodiqov maktab direktorlari o‘rinbosarlari tuman hokimligidan tushgan topshiriq bo‘yicha ketayotgan bo‘lganini ma’lum qilgan.

Xalq ta’limi vazirligining Nazorat-huquqiy xizmati “Farg‘ona hokimi tungi selektorga chaqirtirgan maktab rahbarlari avariyada halok bo‘ldi” sarlavhasi ostida tarqalgan maqoladan so‘ng voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Dang‘ara tumaniga borgan. U yerda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Alimardon Sodiqov bilan suhbat o‘tkazilgan.

XTB mudiri xodimlari avtohalokatga uchraganini 29-sentabr kuni 21:30 larda eshitib, zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. U vafot etgan 25 va 26-maktablarning direktorlari o‘rinbosarlarini ko‘mish bilan bog‘liq barcha tadbirlarda ishtirok etganini aytgan. Dang‘ara tuman XTB mudiri Alimardon Sodiqovning so‘zlariga ko‘ra, xodimlarning Farg‘ona shahriga borishlari yuzasidan topshiriq bergan tuman hokimligi mutasaddilari voqea joyiga kelmagan, vafot etgan hamda jarohat olganlarning holidan xabar olmagan.

“Ma’rifat” gazetasidagi maqolada maktab direktorlari o‘rinbosarlariga aynan qaysi mutasaddi tomonidan topshiriq berilgani ochiqlanmagan.