O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida ishtirok etib, Toshkentga qaytib keldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sammitda O‘zbekiston Respublikasining Turkiy kengashga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shilishi to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Shavkat Mirziyoyev sammitda so‘zlagan nutqida O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi tabiiy va tarixiy jarayonlar ifodasi ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidenti Boku shahrida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 14-oktabr, dushanba kuni kechqurun Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning mehmoni bo‘ldi.