Ozarbayjon poytaxti Bokuda 15-oktabr, seshanba kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Unda mazkur tashkilotga a’zo mamlakatlar — O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qirg‘iziston rahbarlari, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi. Kuzatuvchi mamlakat sifatida Vengriya bosh vaziri, shuningdek, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari anjumanda qatnashdi.

O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ilk bor to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etdi. Mamlakat ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga joriy yilda qo‘shildi.

Bu tashkilot 2009-yil 3-oktabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tuzilgan bo‘lib, dastlab unga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo edi.

Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 3-sentabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Joriy yil 5-oktabrda Toshkentda Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi hamda Investitsiya forumi o‘tkazildi.

Aloqalar bunday faol rivojlanar ekan, buni huquqiy jihatdan mustahkamlash ham zarur edi. Joriy yil 14-sentabrda O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qo‘shilishini barcha a’zo mamlakatlar mamnuniyat bilan qabul qildi. Rasmiy shaxslar, ekspertlar o‘zbekistonliklarning turkiylar tarixidagi o‘rni, bugungi salohiyati va ahamiyatini e’tirof etdi.

Shavkat Mirziyoyev sammitda so‘zlagan nutqida O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi tabiiy va tarixiy jarayonlar ifodasi ekanini ta’kidladi.

— Turkiy Kengashga a’zolik xalqimizning tub manfaatlariga to‘la javob beradi. Bugungi kunda o‘rtamizda nafaqat madaniy-ma’naviy aloqalar, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Oxirgi uch yilda davlatlarimizning o‘zaro savdo hajmi salkam ikki barobarga oshdi, mingdan ortiq yangi qo‘shma shirkatlar ochildi. Transport qatnovlari kengaymoqda, vizasiz tartib asosida turistlar oqimi tobora ko‘paymoqda, xalqlarimizning qardoshlik rishtalari mustahkamlanmoqda, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev sammit kun tartibiga kiritilgan masalalar bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri va ishonchli aloqalarni o‘rnatish uchun eng qulay sharoitlar yaratishni ustuvor vazifa deb qayd etdi. Shu borada qo‘shma texnoparklar, startap innovatsiya kompaniyalari va venchur jamg‘armalari tashkil etish, qo‘shma investitsiya fondi va turkiy davlatlar savdo uylarini birgalikda barpo etish tashabbusini ilgari surdi.

Shavkat Mirziyoyev Kengashga a’zo mamlakatlar aholisining 40 foizidan ortig‘i yoshlar ekanidan kelib chiqib, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Turkiy Kengash doirasida Yosh tadbirkorlar forumini ta’sis qilish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yil O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.

Davlat rahbari yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish, “Boku—Tbilisi—Kars” yangi temir yo‘lining salohiyatidan unumli foydalanish zarurligini ta’kidladi. Sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham amaliy takliflar aytildi.

O‘zbekiston Prezidenti madaniy-gumanitar sohalar ahamiyatiga alohida to‘xtalib, Kengashga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot xazinasi” nomli kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga raislik Ozarbayjonga o‘tishi munosabati bilan Ilhom Aliyevni qutlab, muvaffaqiyatlar tiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuv yakunida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yettinchi sammitining deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar qabul qilindi.

Turkiy kengashga a’zo davlatlar rahbarlarining O‘zbekistonning to‘la huquqli a’zo sifatida tashkilotga qo‘shilishi to‘g‘risida Qo‘shma bayonoti sammitning muhim voqeasi bo‘ldi.