Bugun, 15-oktabr kuni Toshkent shahrida “buxanka” narxi oshdi.

Foto: “Aniq.uz”

Hozirda do‘konlarda “buxanka” 1350—1500 so‘mdan sotilmoqda.

14-oktabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2019-yil 15-oktabrdan:

  • 2019-yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga mo‘ljallanmagan bug‘doy g‘alla iste’molchilarining barcha toifalariga faqat birja orqali sotiladi;
  • davlat xaridlari doirasida sotib olingan bug‘doyni qayta ishlashdan olingan un barcha iste’molchilarga 100 foiz to‘lovni oldindan amalga oshirish orqali ochiq birja savdolarida sotiladi;
  • 2019-yil hosilidan tayyorlangan bug‘doyning bir tonnasi un ishlab chiqarishga 1,3 million so‘mdan ulgurji narxda sotiladi.

2019-yil 1-oktabrdan boshlab un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayrim toifalariga beriladigan har oylik pul kompensatsiyasi oshirilib, 50 000 so‘m miqdorida belgilandi.

Shuningdek, 2019-yil 1-oktabrdan boshlab kompensatsiya oladigan aholi toifalariga quyidagilar ham qo‘shildi:

  • 14 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun nafaqa oluvchi oilalar;
  • belgilangan eng kam miqdorda yoshga doir pensiya oluvchilar.