AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiyaga nisbatan Suriya shimolidagi harbiy operatsiya uchun cheklov choralarini joriy etishga qaratilgan qarorni imzoladi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo ma’lum qildi, deya xabar beradi “Interfaks”.

Foto: Reuters

“Prezident Tramp Turkiya Suriyaning shimoli-sharqidagi hujumlarini to‘xtatishi va zudlik bilan o‘t ochishga barham berishiga qaratilgan qarorni imzoladi. Bu qaror Moliya vazirligi va Davlat departamentiga Suriyada barqarorlik va xavfsizlikka rahna solayotgan, fuqarolar uchun tahdid tug‘dirayotgan harakatlari uchun Turkiya tizimlari va shaxslariga qarshi sanksiyalar qo‘llash huquqini beradi”, — deyiladi Pompeoning bayonotida.

AQSh rasmiylari Turkiya Mudofaa va Energetika vazirliklari, shuningdek, mamlakat mudofaa, ichki ishlar va energetika vazirlariga nisbatan sanksiyalar e’lon qilishga ulgurgani aytilmoqda. Mazkur vazirlik va vazirlarning AQShdagi aktivlari muzlatiladi, Qo‘shma Shtatlar fuqarolariga ular bilan ish olib borish taqiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya qurolli kuchlari 9-oktabr kuni Suriyaning shimoli-sharqida kurd tuzilmalariga qarshi harbiy operatsiyani boshladi.