Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga sharh e’lon qilindi.

2-oktabr, chorshanba kuni O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining “G‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash yuzasidan” Oliy Majlis va Hukumatga murojaati qabul qilindi va ommaviy-axborot vositalarida e’lon qilindi.

Ushbu murojaatda g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moliyaviy mustaqilligini ta’minlash maqsadida g‘allaga narx belgilash amaliyotiga chek qo‘yish va g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga moddiy-texnik resurslar yetkazib berish hamda g‘alla yetishtirishni kreditlash tizimini yanada takomillashtirish masalalari ko‘tarildi.

Agrar sohada olib borilgan islohotlar natijasida joriy yilda g‘alladan 7 million tonnadan ortiq hosil yig‘ib olindi va birinchi marotaba fermer xo‘jaliklari g‘allani bozor narxlariga yaqin narxlarda sotdi.

Oldingi yillarda fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan g‘alla mahalliy hokimlik, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari ishtirokida omborlarga tashib olingan bo‘lsa, bu yil birinchi marotaba fermerlarning o‘zi don korxonalariga kelib qo‘shimcha g‘allani qabul qilishni talab qildi.

Buning asosiy sababi davlat tomonidan g‘alla salkam bozor narxida ya’ni, o‘rtacha 1 tonnasi 1 million 420 ming so‘mdan sotib olindi. Reja bo‘yicha davlat resurslariga 3 million tonna g‘alla sotib olish ko‘zda tutilgani holda amalda 3 million 556 ming tonnadan ortiq g‘alla sotib olindi.

Bugungi kungacha fermer xo‘jaliklari tomonidan topshirilgan 3 million 556 ming tonna g‘alla uchun belgilangan xarid narxida 1200 so‘mdan to‘liq hisob-kitob qilinib, hisoblangan 778 milliard so‘mlik ustamalarning 580 milliard so‘mi hozirgacha to‘lab berilmagan.

Natijada, juda ko‘p fermer xo‘jaliklari O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashiga murojaat qilib davlatga sotilgan g‘alla uchun hisob-kitobni to‘liq yakunlashga yordam berishni so‘ragan. O‘z navbatida xo‘jaliklarning murojaatlari asosida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tomonidan fermerlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Hukumatiga murojaati qabul qilindi.

Murojaatda ko‘tarilgan masalalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2-oktabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘rib chiqilib, murojaatda ko‘tarilgan masalalarni o‘rganish maqsadida deputatlar guruhlari tashkil etilgan hamda ular respublikaning barcha hududlarida o‘rganishlar olib borgan. Deputatlar tomonidan joylarda fermer xo‘jaliklari, un ishlab chiqaruvchi, qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalar va aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda fermerlarining talablari haqli ekanligi ular bilan topshirilgan g‘alla uchun hisob-kitoblar oxiriga yetmaganligi, un va qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalarning moliyaviy holati yomonligi, eng yomoni davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan arzon narxdagi un aksariyat hollarda aholiga yetib bormayotganligi aniqlandi.

Murojaatda ko‘tarilgan masalalar hamda joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda aniqlagan muammoli masalalar yechimini topish maqsadida Oliy Majlis tomonidan qayd etilgan masalada parlament eshituvi o‘tkazildi. Parlament eshituvida tegishli vazirlik va idoralarning, fermer xo‘jaliklarining hamda deputatlarning ko‘tarilgan muammo bo‘yicha fikrlari eshitildi. Parlament eshituvi yakuni bo‘yicha Oliy Majlisning O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi Murojaatini ko‘rib chiqish yakunlar bo‘yicha qarori qabul qilindi va qarorda Hukumatga O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining Murojaatida ko‘tarilgan masalalarni hal etish choralarini ko‘rish tavsiya etildi.

Qayd etish lozimki aholining keng qatlamlarini arzon un va non mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida yillar davomida un va qolipli nonning chakana narxi davlat tomonidan belgilab kelindi. G‘alla fermer xo‘jaliklaridan bozor narxlaridan past, davlat idoralari tomonidan belgilangan narxlarda sotib olindi. Shuningdek un va qolipli nonning narxi ham davlat idoralari tomonidan belgilab berildi. Jumladan, joriy yil hosilidan davlat resurslariga bir tonna g‘alla o‘rtacha 1 million 420 ming so‘mdan sotib olingani holda unning bir tonnasi 1 million 400 ming so‘mdan sotilayotgani bunga yaqqol misol.

Vaholanki bir tonna un ishlab chiqarish uchun 1 tonna 333 kilogrammdan ortiq bug‘doy sarflanishini hisobga olsak, bir tonna un ishlab chiqarish uchun o‘rtacha xarid narxida hisoblaganda salkam 1,9 million so‘mlik bug‘doy sarflanadi. Ya’ni, unning belgilangan ulgurji narxi bilan sarflanadigan bug‘doy qiymati o‘rtasidagi farqning o‘zi, boshqa xarajatlarni hisoblamagan taqdirda ham 500 ming so‘mni tashkil etmoqda yoki un ishlab chiqaruvchi shuncha zarar ko‘rmoqda.

O‘rganishlar un va non narxini sun’iy ravishda ushlab turish siyosati amalda o‘zini oqlamaganini, davlat tomonidan belgilab berilgan arzon narxdagi un va non mahsulotlari aksariyat hollarda aholiga yetib bormayotganligini va davlat tomonidan don yetishtirish, un va non ishlab chiqarish sohalariga berilayotgan imtiyozlar kutilgan natijani bermayotganligini ko‘rsatdi. Shu bilan birgalikda iqtisodiyotning barcha sohalariga to‘liq bozor munosabatlari joriy etilgan bir davrda ko‘rsatilgan sohalarda davlat aralashuvining saqlab qolinishi shu sohalardagi tadbirkorlarning erkinliklarini cheklab qo‘ymoqda. Bu o‘z navbatida shu yo‘nalishlarda samaradorlikni oshirishga bo‘lgan intilish o‘ta past darajaga tushib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Fermer xo‘jaliklari, un va qolipli non ishlab chiqaruvchilarga tadbirkorlik subyekti sifatida to‘liq erkinlik yaratib berish va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining murojaatini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qarorida berilgan tavsiyalar ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.

Qarorda joriy yil 15-oktabridan boshlab davlatning un va qolipli non ishlab chiqaruvchilar faoliyatiga aralashuviga to‘liq chek qo‘yish belgilandi. Bu qaror qaysidir ma’noda tarixiy qarordir. Ta’kidlab o‘tish lozimki bizga qo‘shni bo‘lgan Qozog‘istonda, Tojikistonda va Qirg‘izistonda don, un va non mahsulotlarining narxi bundan 20 yil oldin erkinlashtirilgan.

Bugungi kunda 1 kilogramm 1 navli un Qozog‘istonda — 2 900 so‘m, Qirg‘izistonda — 3 900 so‘m va Tojikistonda — 4 300 so‘mgacha sotilmoqda. Shuningdek, qo‘shni mamlakatlarda qolipli nonning donasi 2 200 so‘mdan 4 700 so‘mgacha sotilmoqda.

Alohida qayd etish lozimki, un va non mahsulotlarining narxlari erkinlashtirilishi bu hamma narsa o‘zi bo‘larchilikga tashlab qo‘yiladi degani emas. Endi ushbu mahsulotlarning bozor narxiga, davlat bozor ishtirokchisi sifatida ta’sirini o‘tkazadi. Ya’ni, bozordagi narx oshib ketmasligi uchun birja savdolariga qo‘yiladigan un hajmi, ya’ni davlat resurslariga sotib olingan bug‘doydan ishlab chiqarilgan va savdoga qo‘yiladigan un hajmi talabni qondiradigan darajagacha oshiriladi. Shu bilan birgalikda bozordagi ayrim iste’molchilarning yoki “nohalol tadbirkorlarning” narxni sun’iy ravishda oshirishga bo‘lgan harakatlari o‘rganib boriladi. Narxni sun’iy ravishda oshirishga bo‘lgan harakatlar aniqlangan holda ushbu harakatlarning oldini olish uchun birja savdolariga yana qo‘shimcha un hajmlari qo‘yiladi va un narxi sun’iy oshishining oldi olinadi.

Shuningdek qaror bilan un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa barcha g‘allani barcha iste’molchilarga hech qanday cheklovlarsiz to‘liq birja savdolari orqali sotish joriy etiilmoqda.

Bundan tashqari aholini qolipli non bilan ta’minlashda uzilishlar yuzaga kelishining oldini olish, qolipli non ishlab chiqaruvchilarning erkin bozor munosabatlariga moslashuv davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelib qolishlari oldini olish maqsadida joriy yilning 1-dekabriga qadar yoki o‘tish davrida qolipli non ishlab chiqaruvchilarga birja savdolarida sotib olingan un uchun oldindan to‘lov miqdori 30 foiz miqdorida belgilanib, yakuniy hisob-kitobni 10 kun ichida amalga oshirishga ruxsat berilmoqda.

Iste’molchilar birja savdolariga qo‘yiladigan un mahsuloti bo‘yicha to‘liq axborotga ega bo‘lishlarini ta’minlash hamda un narxining asossiz oshib ketishining oldini olish maqsadida qaror bilan “O‘zdonmahsulot” kompaniyasi tizimi korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan hamda savdoga chiqariladigan un hajmlari bo‘yicha korxonalar va unni sotish sanalari (kunlar) kesimidagi ma’lumotlar O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi veb-saytiga joylashtirilishi belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari qaror bilan bozordagi talab va taklifdan kelib chiqib barcha iste’molchilarning talablarini to‘liq qondirish va shu orqali narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida zarur hollarda birja savdolariga qo‘shimcha un hajmlarini chiqarish masalasini ham belgilab berildi.

Qayd etilganlar bilan birgalikda unning birja narxi asossiz oshib ketishi oldini olish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi bilan birgalikda birja savdolarida iste’molchilarning talablaridan kelib chiqqan holda bir xaridor tomonidan sotib olinadigan mahsulotning maksimal miqdorini belgilab beriladi va zarur hollarda ushbu miqdor o‘zgartirib boriladi. Ya’ni, bozorda narx sun’iy ravishda oshib ketishining oldini olish maqsadida ma’lum bir xaridor tomonidan savdoga qo‘yilgan unning barchasini sotib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish kerakki mazkur qarorning qabul qilinishi davlatning, byudjetning daromadlari oshishiga emas, aksincha, xarajatlarining oshishiga olib keladi.

Xususan, qaror bilan un narxi keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida un ishlab chiqarishga beriladigan bir tonna bug‘doyning ulgurji narxi 1 million 300 ming so‘m miqdorida belgilanmoqda. Ya’ni, bug‘doyning o‘rtacha xarid narxi 1 million 420 ming so‘mligini hisobga olsak har bir tonna bug‘doyning narxidan 120 ming so‘mi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Shuni ham alohida qayd etib o‘tish lozimki joriy yil iyul oyidan boshlab 15-oktabrgacha bir tonnasi 1 million 400 ming so‘mdan sotilgan un ishlab chiqarish uchun sarflangan 521 ming tonna bug‘doyning 1 420 ming so‘mlik o‘rtacha xarid narxi va ulgurji narxi o‘rtasidagi 349 milliard so‘mdan ortiq salbiy farq davlat tomonidan qoplab beriladi.

2019-yil hosilidan tayyorlangan bug‘doyning bir tonnasi 1,3 million so‘mdan un ishlab chiqarishga berilishini hisobga olsak prognoz ko‘rsatkichlardan kelib chiqib hisob-kitob qilinganda o‘rtacha xarid narxi va ulgurji narx o‘rtasidagi salbiy farqni qoplashga yana 180 milliard so‘m mablag‘ davlat tomonidan ajratilishi kerak.

Davlat xarajatlarining oshishiga olib keluvchi keyingi sabab un va non mahsulotlari narxlari erkinlashtirilishi natijasida aholining ehtiyojmand qatlamlarining yuzaga keladigan qo‘shimcha xarajatlarini qoplashga beriladigan pul kompensatsiyasi miqdorining oshirilishidir.

Jumladan, qaror bilan yoshga doir pensiya, nogironligi bo‘yicha nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolalikdan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar va 18 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqa, hamda belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning miqdoridan kam pensiya oluvchilarga hamda ikki yoshgacha bo‘lgan bola parvarishi uchun tayinlangan nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalarga beriladigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 2019-yil 1-oktabrdan boshlab 22,3 ming so‘mdan 50 ming so‘mga oshirildi.

Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida, pul kompensatsiyasi oluvchilarining amaldagi 9 toifasiga qo‘shimcha ravishda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun tayinlangan nafaqa oluvchi oilalar hamda belgilangan eng kam yoshga doir pensiya miqdorida pensiya oluvchilar kiritilib, ularga ham 2019-yil 1-oktabrdan boshlab 50 ming so‘m miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi berish joriy etildi.

Mazkur qaror bilan kompensatsiya to‘lovlari miqdori joriy yil 1-oktabridan oshirilishi munosabati bilan yoshga doir pensiya, nogironligi bo‘yicha nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolalikdan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar va 18 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqa, hamda belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning miqdoridan kam pensiya oluvchilarga pul kompensatsiyalari miqdori oktabr oyi uchun Pensiya jamg‘armasining axborot tizimida avtomatik tarzda qayta hisoblanadi hamda oshirilgan miqdorlar farqi bo‘yicha pul kompensatsiyasi qo‘shimcha to‘lov vedomostlari tuzilgan holda tijorat banklari va Xalq banki filiallari tomonidan oktabr oyida to‘lab beriladi.

Ya’ni, oktabr oyi uchun 22 300 so‘m to‘lov vedomostlariga kiritilgan bo‘lsa, joriy oy uchun qo‘shimcha ravishda 27 700 so‘m, jami 50 000 so‘m (22 300+27 700=50 000) to‘lanadi. Shuningdek, noyabr oyidan boshlab, har oyda 50 000 so‘mdan kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilib boriladi.

O‘z-o‘zini boshqarish organlari tomonidan tayinlangan bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar har oylik pul kompensatsiyasi oktabr oyi uchun qayta hisob-kitob qilinib, noyabr oyida to‘lanishi ta’minlanadi.

Ya’ni, oktabr oyida 22 300 so‘m to‘lanadi hamda oktabr oyi uchun 27 700 so‘mlik farq noyabr oyi kompensatsiyasiga qo‘shib, jami 77 700 so‘m (50 000+27 700=77 700) to‘lanadi. Dekabr oyidan boshlab esa har oyda 50 000 so‘mdan kompensatsiya to‘lovlari amalga oshiriladi.

Kompensatsiya oluvchilar toifasiga 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga beriladigan nafaqa oluvchilar hamda eng kam yoshga doir pensiya miqdorida pensiya oluvchilar ham kiritilayotganligi sababli ushbu toifadagilarga oktabr oyida to‘lanishi kerak bo‘lgan pul-kompensatsiyasi noyabr oyi pul kompensatsiyasiga qo‘shib to‘lab beriladi.

Ya’ni, oktabr oyi uchun hisoblangan 50 000 so‘m kompensatsiya noyabr oyiga qo‘shilib, jami 100 000 so‘m (50 000+50 000=100 000) to‘lanadi. Dekabr oyidan boshlab esa har oyda 50 000 so‘mdan kompensatsiya to‘lab boriladi.

Joriy yil 1-oktabrigacha 22 300 so‘mdan pul kompensatsiyasi oluvchilar 1 674 945 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, mazkur qaror bilan kompensatsiya oluvchilarning yana ikki toifasi qo‘shilishi sababli oktabr oyidan boshlab, respublika bo‘yicha 2 million nafardan oshiq pensiya, ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalarga kompensatsiyalar to‘lanadi. Kompensatsiyalarni tayinlash yoki miqdorlarini qayta hisoblash (oshirish) uchun fuqarolar tomonidan qo‘shimcha hujjat yoki arizalar talab etilmaydi.

Kompensatsiya to‘lovi miqdorining oshirilishi hamda pul-kompensatsiyasi oluvchilarga yangi toifadagi aholi qo‘shilishi munosabati bilan yuzaga keladigan barcha qo‘shimcha xarajatlar to‘lig‘icha O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab beriladi. Umuman olganda ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan davlat budjetining yillik xarajatlari amaldagi 448 milliard so‘mdan 1 trillion 393 milliard so‘mgacha yoki 945 milliard so‘mga ortmoqda.

Qaror bilan belgilangan yana bir muhim masala bu g‘allaga davlat tomonidan xarid narxi belgilash amaliyotiga chek qo‘yish bo‘lmoqda. Xususan qaror bilan Qishloq xo‘jaligi va Moliya vazirliklariga O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda rivojlangan davlatlar tajribasini tahlil qilgan holda 2021-yil hosilidan boshlab qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan yetishtirilgan g‘allani bozordagi talab va taklif asosida shakllangan erkin narxlarda sotish tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi.

Umuman olganda mazkur qaror bilan belgilangan vazifalar mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli islohotlarning yana bir bosqichini amalga oshirishga, g‘alla hosildorligi va yalpi hosilning oshishiga buning natijasida fermer xo‘jaliklarining moliyaviy mustahkamligi oshishiga, mamlakatning g‘alla mustaqilligini yanada mustahkamlashga va umuman xalq dasturxonining to‘kin-sochin bo‘lishiga xizmat qiladi.