Turkmanistonning Lebap viloyati hamda Ashxobod shahridagi maktablarda davlat idoralari xodimlari va ta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan ayrim turkman qizlarining odob-axloqi muhokama qilingan. Lebapda suhbat asosan katta sinf o‘quvchilari bilan o‘tkazilgan. Ashxobodda ota-onalar maktablarga chaqirilib ular bilan majlis qilinmoqda.

Kadr: YouTube

Suhbatlarda asosan o‘smirlarning sigaret chekishi, spirtli ichimliklar ichishi va katta sinf o‘quvchi qizlariga erta homiladorlikdan saqlanish yuzasidan ma’lumotlar berilmoqda.

Turkmen news saytining xabariga ko‘ra, bu kabi ma’naviyat tadbirlari mamlakatning boshqa viloyatlaridagi maktablarda ham o‘tkazilmoqda. Odatda Turkmanistonda bu kabi tadbirlarning amalga oshirilishiga nimadir sabab bo‘ladi.

“Bu safar ushbu tadbirlarning o‘tkazilishiga ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda tarqalgan qisqa videorolik sabab bo‘ldi. Unda maktab formasida bo‘lgan bir qiz dugonasi bilan 50 Cent’ning qo‘shiqlaridan biriga raqs tushgan”, — deb yozgan nashr.

Turkmen news’ga ko‘ra, ushbu rolikni hukumat a’zolari ko‘rganidan keyin, huquq tartibot organlari xodimlari bir nechta maktabda o‘quvchilarning mobil telefonlarini yig‘ib olib ularda axloqiy buzuqlikni targ‘ib qiluvchi foto va videomateriallarning bor yoki yo‘qligini tekshirgan.

Eslatib o‘tamiz, bir yil avval Samarqandda ikki qiz ko‘chada “behayolarcha o‘ynagani”, keyin ulardan biri Nexia kapoti ustida yotib olgani tasvirlangan video tarqalgandi. Samarqand viloyati IIB o‘ynagan, ularni tasvirga tushirganlarga nisbatan mayda bezorilik bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgandi.