O‘zbekistonning Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida 16-oktabr kuni “Xizb ut-Taxrir” diniy-ekstremistik tashkilotining bir guruh a’zolari jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu shaxslarning aksariyati muqaddam “Xizb ut-Taxrir”ga a’zo bo‘lganliklari uchun jazo muddatini o‘tab chiqqan, biroq ular aholi orasida noqonuniy targ‘ibot olib borib, “Xizb ut-Taxrir” DET g‘oyalarini tarqatgan. Shuningdek, ular ekstremistik g‘oyalaridan voz kechgan, muqaddam jazo muddatini o‘tab chiqqanlarni ham qayta jinoyat sodir etishga chorlagan.

Hibsga olingan shaxslarning yashash manzillarida ekstremistik mazmundagi adabiyotlar mavjudligi aniqlangan va ular protsessual tartibda rasmiylashtirib olib qo‘yilgan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Xizb ut-Taxrir” diniy ekstremistik tashkiloti 1953-yilda Falastin davlatida Taqiyuddin Nabixoniy tomonidan asos solingan bo‘lib, maqsadi dastlab musulmon mamlakatlarida, keyinchalik esa butun dunyoda yagona Xalifalik davlatini o‘rnatishdan iborat.

Bugungi kunda ushbu tashkilotning faoliyati Rossiya, Germaniya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va yana bir qator mamlakatlar hududida taqiqlangan.

O‘zbekiston Oliy sudining 2016-yil 26-sentabrdagi qarori bilan “Xizb ut-Taxrir” diniy ekstremistik tashkiloti faoliyati O‘zbekiston hududida taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.