“O‘zbekkonsert” davlat muassasasida 16-oktabr kuni shoshilinch brifing o‘tkazildi. Yig‘ilishda xonandalar Jahongir Otajonov, Shahlo Ahmedova, Abdulla Qurbonov va qiziqchi Halima Ibragimovaning litsenziyasi qaytarib berilgani ma’lum qilindi. Bu haqda jurnalist Feruz Muhammad xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Brifingni muassasa rahbari Odiljon Abduqahhorov o‘tkazib, Jahongir Otajonov, Shahlo Ahmedova, Abdulla Qurbonov va qiziqchi Halima Ibragimovaning litsenziyasi qaytarilganini aytgan. Xonandalar va qiziqchining litsenziyasi nima sababdan qaytarib berilganiga oydinlik kiritilmagan.

“O‘zbekkonsert” xodimining ma’lum qilishicha, “Daryo”da 15-oktabr, seshanba kuni 2019-yilda ogohlantirilgan va litsenziyasi olingan jamoa va xonandalar haqida e’lon qilingan maqola ayrim tushunarsiz holatlarga oydinlik kiritish uchun asos bo‘lgan.

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan 14-oktabrdan e’tiboran Jahongir Otajonovning litsenziyasi tugatilgan edi.

“So‘nggi vaqtlarda Jahongir Otajonov ana shunday mas’uliyatni biroz unutib qo‘ydi, desak xato bo‘lmaydi. Joriy yilning may oyi, ya’ni muborak Ramazon oyida ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Jahongir Otajonov tomonidan san’atkor odobiga, milliy urf-odatlarimiz va odob-axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan nomunosib harakatlar kuzatilgandi. Bu shunchaki o‘zini ko‘z-ko‘z qilish maqsadidami yoki boshqa maqsaddami, baribir ijtimoiy tarmoqlardagi bunday ko‘rinish yoshlar orasida, jamoatchilik o‘rtasida san’at ahli to‘g‘risida salbiy fikr uyg‘otmasdan qolmagan edi”, — deya izohlagan edi “O‘zbekkonsert” ushbu holatni.

“O‘zbekkonsert”ning ushbu harakati Jahongir Otajonovning muxlislari tomonidan keskin qoralanib, ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan xonandani qo‘llab-quvvatlash boshlangan edi.

Bugun Jahongir Otajonov muxlislariga videomurojaat yo‘llab, barcha qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorchilik bildirdi.