O‘tgan haftadan boshlab Ashxoboddagi davlat do‘konlarining aksariyatida sotuvchilarning bolalarga mahsulot sotishi taqiqlab qo‘yildi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Avval davlat do‘konlarida cheklangan mahsulotlar savdosi vaqtida ko‘p bolali ota-onalar farzandlarini ham navbatga qo‘yib ular yordamida ko‘proq non, tuxum hamda un sotib olayotgandi.

Endi maktab yoshidagi bolalarni ham “Barakotli” bozoridan haydab chiqarish holatlari kuzatilmoqda. Sotuvchilar ushbu holatni o‘quvchilar do‘konlarda navbatda turib maktabdan, o‘qishdan qolib ketayotganligi bilan izohlagan.

“Bolalar maktabga kech qolishmaydi, chunki tuxum savdosi tonggi soat 6:00 da yoki undan sal kechroq boshlanadi. Bu sotuvchilar davlat narxida kamroq tuxum sotishi va ortib qolgan mahsulotlarni xususiy do‘konlarga ikki baravar qimmatga pullashi uchun to‘qilayotgan bahona”, — deydi olti nafar farzandni o‘stirayotgan yolg‘iz ona.

Turkmanistonda un, tuxum va non tanqis bo‘lib qolgani sababli davlat do‘konlarida ushbu mahsulotlar cheklangan miqdorda sotilmoqda. Shu sababli Ashxobodda va mamlakatning boshqa shaharlarida ushbu tovarlarga nisbatan inqiroz kuzatilmoqda.