O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Denov tumanidagi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismda bo‘ldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari harbiy qismdagi sharoitlar, yangi tashkil topgan bo‘linmalar, askar va harbiy xizmatchilarning o‘quv faoliyati bilan tanishdi.

Saf maydonida Oliy Bosh Qo‘mondonga muddatli harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali mashg‘ulotlar namoyish etildi. Prezident harbiy texnika va qurol-aslahalar namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Harbiylar bilan muloqotda Prezidentga Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlarni zamonaviy texnika va qurol-aslaha bilan ta’minlash, qo‘shinlarning boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, mazkur qismda jangovar va o‘quv-tayyorgarlik jarayonini avtomatlashtirishga doir loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Harbiylar xalqimizning ma’naviy yetuk farzandlari bo‘lishi kerak. Buning uchun shaxsiy tarkibning ma’naviy yetukligini, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini yuksaltirish lozim. Siz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz vorislari ekanligingizni doim his qilib, shunga munosib xizmat qilsangiz, yoshlarimiz vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat tuyg‘ularini sizlardan o‘rganadi”, — degan Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident askar va ofitserlarning jangovar shayligini oshirish, yashash va dam olish sharoitini yaxshilash, ularni uy-joy bilan ta’minlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish lozimligini ta’kidlagan. Buning uchun joylarda faoliyat yuritayotgan harbiy komandirlar, harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirish kerakligi qayd etilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, harbiy qurilish tizimini takomillashtirish, askarlarning ma’naviyatini oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati