Turkiya hukumati Amerika sanksiyalariga javob qaytarish haqida bosh qotirmoqda. Bu haqda “Izvestiya” nashri xabar berdi.

Foto: “Mk-turkey.ru”

Deputat O‘zturk Yilmaz Anqaraning navbatdagi qadami “Inchirlik” harbiy bazasidagi amerikaliklar sonini qisqartirishni tavsiya qildi. “Inchirlik” harbiy bazasi Turkiya va Suriya chegarasidan 130 kilometr uzoqlikda joylashgan hamda Yaqin Sharq hududida AQSh yadro quroli sig‘adigan yagona obyekt hisoblanadi.

Deputatning aytishicha, ushbu cheklov Vashingtonning sanksiyalarga munosib javob bo‘ladi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning uzilishiga ham ta’sir ko‘rsatmaydi.

AQSh 15-oktabrda Turkiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llanilganini e’lon qilgan. Cheklov choralari turklarning energetika, mudofaa vazirliklari va bir nechta yuqori lavozimdagi rahbarlarga qarshi qo‘llanilgan. Shuningdek, Vashington turk po‘lati uchun yig‘imlarni 50 foizga oshirmoqchi, keyinchalik moliya hamda vizalar berilishi borasida ham taqiqlar amalga oshirilishi mumkin.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 9-oktabrda Suriya shimoli-sharqida “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasining boshlanganini e’lon qilgan. Anqaraning ushbu harbiy harakatlari Kurdiston ishchi partiyasi jangarilari hamda IShID terrorchilariga qarshi qaratilgan.