Turkmanistonda ilk bor tashkil qilinayotgan alabay zotli itlar parvarishi bo‘yicha muassasaga bir yo‘la yettita bank sarmoya ajratadi. Mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bu haqdagi farmoyishni imzolagan.

Foto: Turkmenportal

Turkmaniston Markaziy banki, Davlat taraqqiyoti banki, Daýhanbank, Türkmenistan, Halkbank, Türkmenbaşy nomli banklar hamda tashqi iqtisodiy faoliyat Davlat banki yangi muassasaning ta’sischilari qatoriga kirgan.

Alabaylarni yetishtiruvchi korxonaning ochilishi haqida 19-sentabrda e’lon qilingan. Marosimda prezidentning o‘g‘li Axal viloyatining rahbari Serdar Berdimuhamedov ishtirok etgan. U tadbir davomida otasining alabay itlari haqida yozgan kitobiga dastxat qo‘yib, mehmonlarga tarqatgan. Shu kuni televideniye efirida kitobdan o‘rin olgan “Tukman alabayi” nomli she’rni harbiy xor qo‘shiq qilib kuylagan.

Garchi alabaylar mamlakatda uzoq yillardan beri boqilib kelsa ham turkman millati ramziga aylangan ushbu jonivorlarni boqish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmagandi. Davlat OAVlari Axal viloyatidagi ushbu itlar boqiladigan muassasani mamlakatda birinchi va yagona maskan ekanligini qayd etgan. Turkmanistonda axaltekin otlarini yetishtirishga mo‘ljallangan “Turkman otlari” (Türkmen atlary) korxonasi ham faoliyat yuritadi. Sentabrda Gurbanguli Berdimuhamedov ushbu korxona rahbari Mergennepes Annanepesovni ishdan haydagan. Annanepesov “Turkman otlari”ni eplay olmagan va ishdan haydalgan sakkizinchi rahbar hisoblanadi.