“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qoladigan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni o‘n ikki yildan buyon chiqindi yig‘uvchi bo‘lib ishlayotgan amaki.

Rahmiddin Toshmatov Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. Hozir 53 yoshda. 2007-yildan buyon tumandagi obodonlashtirish boshqarmasida ishlab kelmoqda.

Bolaligimda militsiyachi bo‘lishni juda orzu qilganman. Taqdir ekan. Forma kiyish nasib qilmagan.

Foto: “Daryo”

Mehnatda katta bo‘lganman. Har qanday ishni qilib ketaveraman, qochmayman. Uzoq yillar kolxozda ishladim, maktabda qorovullik qildim. Keyin tuman obodonlashtirish boshqarmasida faoliyat yuritdim.

2014-yildan beri tumandagi “Toza hudud” tashkilotida chiqindi yig‘uvchi vazifasida ishlab yuribman.

Tumandagi namunaviy uylarga xizmat qilaman. Vazifam: xonadonlardan chiqqan “musor”ni yig‘ishtirib, belgilangan joylarga olib borib to‘kish.

Ishim soat 07:00 dan boshlanib, 18:00 gacha davom etadi. Ba’zida 12 soatdan ham ko‘p ishlashga to‘g‘ri keladi. Biror ko‘chaga kirsak, vaqt o‘tsa-da, hamma “musor”larni olmaguncha ketmaymiz. Eshik tagida qolib ketsa, o‘tgan-ketganga juda xunuk ko‘rinadi yoki it titib yuborishi mumkin. Shuning uchun vaqt o‘tib ketsa ham ishimizni bitirmaguncha uyga bormaymiz.

Foto: “Daryo”

Oyligim 700 ming so‘mga yaqin. Ochig‘i, bu maosh bilan ro‘zg‘or tebratib bo‘lmaydi. Shuning uchun qo‘shimchasiga dehqonchilik qilib, poliz mahsulotlarini yetishtirib, sotaman.

Ayolim ham tuman obodonlashtirish bo‘limida ishlaydi. Har kuni ko‘chalarni supuradi. Bir qiz, bir o‘g‘lim bor. Katta o‘g‘lim 29 yoshda. Rasman ishlamaydi. Xonadonlarga borib, u-bu ish qilib yuradi. Qizim esa 27 yoshga kirgan. Hali turmushga uzatganim yo‘q.

Shu qizimda negadir o‘zimni ko‘raman. U ham mendek forma kiyishni orzu qiladi. Afsuski, hozir ichki ishlarga ishga kirish oson emas. Shuning uchun hozircha uyda o‘tiribdi.

Xullas, hammamiz Xudo bergan rizqimizni terib yuribmiz. Qora qozon qaynab turibdi...

Salomatlikdan ortiq baxt yo‘q

2018-yil oilamiz uchun juda og‘ir yil bo‘ldi. Uchta yaqinimni: akamni, ukamni va singlimni qabrga qo‘ydim. 54 yoshga kirib anglaganim shu bo‘ldiki, bu yorug‘ dunyoda tan-u joningiz sog‘ligidan, tirikligingizdan ortiq saodat yo‘q ekan.

Hayotimdan nolimayman. To‘g‘ri, qishda qishloqda yashash qiyin. Gaz yo‘q, svet ko‘p o‘chadi. Lekin boriga qanoat qilib, issiqqina kiyinib yashayveramiz, ishlayveramiz.

Eng katta orzum — tezroq farzandlarimni uyli-joyli qilish. O‘g‘limning ham, qizimning ham baxti ochilib, to‘ylarini ko‘rsam bo‘ldi. Bu dunyoda boshqa armonim yo‘q.

Foto: “Daryo”

“Musor”dan topilgan 34 million so‘m pul

Ishimiz juda qiziq va shu bilan birga savobli ham. Sababi, ko‘pchilik bilmay qimmatbaho buyumlarini yoki kerakli narsalarini ham chiqindiga tashlab yuboradi. Ayniqsa, bozorliqlarini eshigini tagiga opchiqib qo‘yishadi. O‘zim chiqindilarni ushlab ko‘rib, keyin mashinaga tashlaganim uchun bu toza narsaku deb joyiga qo‘yib ketaman. Agar u qimmatbaho buyum bo‘lsa, uy egasini chaqirib, o‘ziga beraman.

Yaqinda bir qiziq holat bo‘ldi. Mashina yurib ketayotgan edi. Xonadondan bir yigit yugurib chiqib, qo‘lidagi sumkani “musor” mashinasiga otvordi. Oradan 5-10 minut o‘tmay yonimga kelib, “aka, bilmasdan olti kilogramm go‘shtni tashlavoribman”, dedi.

Men allaqachon mashinaning nasosini ishlatib yuborgandim. “Qanday olib beraman, axir chiqindilarga aralashib ketdi-ku”, desam ham “Yo‘q, olib bermasangiz bo‘lmaydi”, deb turib oldi. Oxiri nasosni orqaga qaytarib, “musor” ichidan go‘shtini olib berdim. Rahmat aytib, uyiga kirib ketdi.

Foto: “Daryo”

Faoliyatimizda bunaqa holatlar juda ko‘p bo‘ladi. Birovning cho‘pini ham olmaganim uchun aholining ishonchiga kirganman. Biron nima yo‘qolsa ham mendan ko‘rishmaydi. Aksincha, topishga yordam bering deb iltimos qilishadi.

Bir kuni kechki payt boshlig‘imiz telefon qilib, “Rahmatillo aka, tezda kottejga yetib keling”, deb aytdi. Borsam, bir necha odam ko‘cha boshida kutib turgan ekan. Vaziyatni tushuntirishdi.

Bilishimcha, bir odam 34 million so‘m pulini oilasidan yashirincha qutida saqlayotgan bo‘lgan. Qizi esa bilmay boshqa “korobka”larga qo‘shib, “musor”ga tashlab yuborgan.

O‘sha mahallaga boshqa mashinamiz borib chiqindilarni olgan. Eng yomoni, oradan bir kun vaqt o‘tib ketgan edi. Xudoga tavakkal qilib, chiqindi tashlanadigan joyga bordik.

Odatda barcha chiqindilar Marg‘ilondagi chuqurga olib borib to‘kiladi. Qog‘ozlar, baklajkalar alohida qilinib, joylarga sotiladi. Hayriyatki, kechagi yuklar hali tashlanmagan ekan. Ayoli qog‘ozlar ichida qutini ko‘rib tanib qoldi. Ichini ochsak, 20 millioni dollar, qolgani so‘mda ekan. Juda xursand bo‘lib, rahmat aytib ketdi.

Foto: “Daryo”

Odamlar bor, odamlarning naqshidir...

Shunday yaxshi odamlar bor, mahallasiga borsak, biz bilan xuddi aka-ukaday ko‘rishadi. Hurmatimizni joyiga qo‘yadi. Yetti yot begonalar sizga o‘z yaqiniday munosabatda bo‘lsa, mehnatingizni qadrlasa, odamning yanada yashagisi, ishlagisi keladi. Lekin besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, bizni mensimaydigan, odam o‘rnida ko‘rmaydiganlar ham, afsuski, bor.

Bilasizmi, insonlarning yuz ifodasi ko‘p narsani ko‘rsatib turadi. Bir qarashda sizga bo‘lgan munosabati sezib olish qiyin emas. Ba’zilari bizni ko‘rib, ataydan salomlashmaslik uchun teskari qarab olishadi.

Ochig‘i, umuman e’tibor qilmayman. Kattami, kichikmi, menga farqi yo‘q. Salomimni berib, indamay “musor”larimni yig‘ishtirib ketaveraman.

Foto: “Daryo”

Odamlar juda “zakonchi” bo‘lib ketgan

Ishimizda tushunmovchiliklar ko‘p bo‘ladi. Ba’zilar tiq etsa boshliqqa telefon qilishni o‘rganib olgan. Balki o‘zimdan xato o‘tgandir deb o‘ylab ko‘rishmaydi.

Masalan, biz faqat maishiy chiqindilarni olamiz. Tosh, shag‘al, temir kabi har xil og‘ir narsalarni mashinaga yuklamaymiz. Chunki texnikamiz bunga moslanmagan. Nasos tortishi qiyin bo‘ladi. Lekin qancha tushuntirib aytsak ham shunaqa chiqindilarni olib chiqib qo‘yaverishadi. Yana “Olasan, bu sening vazifang”, deb do‘q qilishadi. Tashlab ketsak, rahbarlarimizga qo‘ng‘iroq qilib, chiqindilarimizni olmay ketyapti deb ustimizdan arz qiladi. Keyin xo‘jayinlar bizga rosa gapiradi.

Axir mashinaga hadeb og‘ir narsa yuklayversak, nasosi tortmay, buzilib qolishi mumkin. Katta mashinalarni tuzatish qiyin. Texnikamiz tuzalguncha mahallalarga borolmasak, yana odamlar telefon qilib, “axlat mashina” o‘z vaqtida kelmayapti, yaxshi xizmat qilmayapti deb shikoyat qiladi. Bunga o‘zlari sabab bo‘lganini esa xayoliga ham keltirishmaydi.

Foto: “Daryo”

Ularni ham to‘g‘ri tushunamiz, kichkina hovli, qolgan “musor”larni qayoqqa ham tashlardi. Mayli, deb iloji boricha har qanday chiqindini olib ketishga harakat qilamiz. Ammo shuni baqir-chaqir qilmay, yaxshi muomala bilan aytsa bo‘ladi-ku. Nega doim bir-birimizga qattiq gapirib, ko‘ngilni og‘ritishimiz kerak? Yoki qattiq gapirsam, qo‘rqib opketadi deb o‘ylashadimi, bilmayman.

Yana shundaylar bor, o‘zi vaqtida chiqindilarini olib chiqmaydi-da, qolib ketsa, “katta”larga telefon qilib, atay olib ketmadi deb shikoyat qiladi. Axir ularga dushman bo‘lmasam yo adovatim bo‘lmasa, o‘zimdan o‘zim turgan chiqindini tashlab ketmaymanku?

Yaqinda bir xonadonning chiqindilari qolib ketgan. Chunki axlat hovlida bo‘lgan. Biz faqat tashqariga turgan chiqindini olib ketamiz xolos. Uy ichiga kirmaymiz. U bo‘lsa tushunmay, atay olib ketmading deb biz bilan rosa janjal qildi, boshliqqacha chiqib, ustimizdan arz qildi. Biroq keyin aybini tushunib, uzr so‘radi.

Foto: “Daryo”

Odam o‘zidan hech qachon uyalmasligi kerak

Hamkasblarim orasida eng kattasi o‘zimman. Ko‘pi 25—40 yosh atrofida. Negadir yoshlar bu ishda ko‘p ishlay olmaydi. Chiqindi yig‘uvchiligidan uyaladimi yo o‘ziga ep ko‘rmaydimi, bilmayman, bir yilga qolmay ishini tashlab ketadi. Lekin inson halol mehnat qilyaptimi, peshona teri bilan pul topyaptimi, kasbidan uyalmasligi kerak.

Xudoning oldida hammamiz tengmiz

Shu yoshimgacha minglab insonlar bilan muloqotda bo‘ldim. Har xil odamni ko‘rdim. Birovdan xafa bo‘lish, ahmoqlar bilan tortishish eng katta xatoligini tushundim.

Shu paytgacha ko‘p narsa boshimdan o‘tdi. Bolam tengi odamlardan gap eshitdim, hurmatsizlikka uchradim. Bilasizmi, hech biridan xafa emasman. Hatto e’tibor ham qilmayman. Ular shunday yaratilgan. Shunaqa tarbiya ko‘rgan.

Chiqindi yig‘uvchilik ham hamma kasblar qatori ish. Hech qachon ishimdan uyalmayman. Bizni deb xonadonlar ozoda, ko‘chalar toza turadi. Chiqindini biz olib ketmasak, kim olib ketadi?

Aslida kimdir kelib, eshigingiz tagidan axlatni xazar qilmay olib ketib, xizmatingizni qilyaptimi, unga hech bo‘lmasa bir marta rahmat deb qo‘ying. Ko‘rganda uyalib, teskari qarab ketish kerak emas.

Inson hech qachon odam ajratmasligi kerak. Biz ham boshqalardan farq qilmaymiz. Qay sohada ishlashimizdan, kim bo‘lishimishdan qat’iy nazar, Xudoning oldida hammamiz tengmiz. Boymizmi yo kambag‘almi, baribir hayotimiz o‘tadi. Qisqa umrimizni bir-birimizni xafa qilishga sarflamasligimiz kerak.

 Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.