2018-yilda O‘zbekistondan 2 114 446 kishi boshqa davlat fuqarolariga AQShda yashash imkoniyatini beruvchi Green Card lotereyasini o‘ynash uchun ariza topshirgani ma’lum bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich dunyo bo‘yicha Green Card o‘ynaganlarning 9 foizini tashkil etdi, deya xabar berdi AQSh Davlat departamenti xabar berdi.

Foto: Forum Daily

Ariza topshirganlar soni bo‘yicha O‘zbekiston ikkinchi o‘rinni egallagan, undan oldida esa Afrikaning Gana davlati turibdi. 29 millionli Gana aholisining 2 227 530 nafari Green Card o‘ynagan.

Green Card lotereyasi uchun anketa to‘ldirganlar soni milliondan oshgan davlatlar orasidan Eron (1 624 204), Ukraina (1 450 487), Misr (1 274 751), Nepal (1 187 350), Efiopiya (1 056 532) va Serra-Leone (1 011 725) o‘rin olgan.

2018-yili Green Card dasturi uchun butun dunyodan jami 23 088 613 kishi ariza topshirgan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur lotereyada o‘ynash uchun O‘zbekistondan 2016-yili 1 488 984 kishi, 2017-yili 1 576 179 kishi ariza topshirgan edi.