18-oktabr, juma kuni tarixda ilk bor bir vaqtning o‘zida ikki nafar ayol Xalqaro kosmik stansiyasining bortidan ochiq kosmosga chiqdi. Ular amerikalik astronavtlar Kristina Kuk va Jessika Meir, deb xabar beradi “Interfaks”.

Foto: Reuters

Kristina va Jessika stansiya fermasining ishdan chiqqan energoblokini almashtirishi lozim edi. Ular ochiq kosmosda 6,5 soat qolib ketishi kutilmoqda.

AQSh Aeronavtika va kosmik fazoni tadqiq qilish milliy boshqarmasi (NASA)ning ta’kidlashicha, ushbu missiyani hisobga olganda shu paytgacha ayollar ochiq kosmosga 14 marotaba chiqqan, ulardan birinchisi Sobiq Ittifoq kosmonavti Svetlana Savitskaya hisoblanadi.

6 va 11-oktabr kunlari Kuk va amerikalik astronavt Endryu Morgan ochiq kosmosga ikki marotaba chiqib, eski nikel-vodorodli akkumulyatorlarni yangi, ancha kuchli litiy-ionli akkumulyatorlarga almashtirgan edi.

Biroq o‘tgan kuni stansiya akkumulyator batareyalariga javob beruvchi energobloklar ishdan chiqqani sabab NASA kosmik stansiya bortidan tashqarida amalga oshirishi kerak bo‘lgan ishlarini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Nosozlikka qaramay, stansiyaning elektr ta’minoti yetarli hisoblanadi, biroq yangi litiy-ionli batareyalar qo‘shimcha quvvat bera olmaydi.

Har birining og‘irligi 194 kilogramm keladigan oltita yangi akkumulyatorlar stansiyaga 28-sentabr kuni Yaponiyaning HTV-8 yuk tashuvchi raketasi yordamida yetkazilgan edi. O‘n yil davomida ishlashi kerak bo‘lgan yangi akkumulyatorlar Xalqaro kosmik stansiyadagi quyosh batareyalaridan quvvat oladi.