Afg‘oniston Mustaqil saylov komissiyasi raisi Havo Alam Nuristoniy mamlakatda o‘tgan prezidentlik saylovlarining dastlabki natijalarining e’lon qilinishi kechikishini e’lon qildi, deb yozmoqda “Afghanistan.ru”.

Foto: Al Jazeera

Dastlabki natijalar 19-oktabrda, yakuniy natijalar esa 7-noyabrda e’lon qilinishi rejalashtirilgandi, ammo komissiya mutaxassislarining qayd etishicha biometrik ma’lumotlarni olish yuzasidan texnik muammolar sabab ushbu muddatlar o‘zgaradi.

Kobulda o‘tgan matbuot anjumanida Nuristoniy dastlabki natijalarning kechikishi saylov jarayonining kelajakda ham shaffof va haqqoniy o‘tishini ta’minlashini bildirdi.

Uning aytishicha, ovozlarni hisoblash jarayonining sekinlashishiga ayrim kuzatuvchilarning noto‘g‘ri harakatlari sabab bo‘lmoqda.

Afg‘onistondagi prezidentlik saylovlarida 2018-yilda parlament uchun saylovlar vaqtida foydalanilgan saylovchilarni biometrik ro‘yxatga olish tizimi orqali amalga oshirilgan. Ammo bu safar ham o‘tgan yilda kuzatilgani kabi biometrik qurilmalardagi ma’lumotlarni jamlashda muammolar yuzaga kelgan.

Biometriyasiz byulletenlarni ham hisobga qo‘shish masalasi mamlakatda kelishmovchiliklarni keltirib chiqardi va nomzodlarning ko‘pchiligi saylovlar natijasini hisoblashda qalloblik qilinishi mumkinligidan xavotirda ekanligini bildirgan. Yakunda tegishli qarorni Mustaqil saylov komissiyasi qabul qilgandi.

Avval amaldagi prezident Muhammad Ashraf G‘anining tarafdorlari biometrik bo‘lmagan saylov ovozlarini ham hisobga qo‘shishni taklif qilgandi.