“Daryo” saytida  haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.

O‘tayotgan haftada barchaning diqqat e’tiborini “O‘zbekkonsert” tortdi. Aslida mudom konsertlar bilan band bo‘lganlar hamisha e’tiborda bo‘ladi, biroq bu safargisi istehzoli e’tibor bo‘ldi.

14-oktabr kuni xonanda Jahongir Otajonovning litsenziyasi tugatildi. Bungacha u ijtimoiy tarmoq orqali chiqish qilib, “Ollaring mani litsenziyamni, maza qillaring, agar shu bilan madaniyatli bo‘lsalaring. Man xursand bo‘laman... xalq madaniyatli bo‘lib ketib qolsa shu bilan...” degandi. Ammo xonandani jamoatchilik faollari qo‘llay boshladi, xususan, Komil Allamjonov, Zafar Hoshimov, Aziza Umarovalar blogida Jahongirni iliq so‘zlar bilan tilga oldi. Ikki kun o‘tishi bilanoq “O‘zbekkonsert” shoshilinch majlis chaqirdi va nafaqat Jahongir Otajonov, unga qo‘shib Shahlo Ahmedova, Abdulla Qurbonov, Halima Ibrohimova kabilarning litsenziyasini ham qaytarib berdi. Ular Otajonovdan avvalroq litsenziyasidan ajralgan edi.

Nega litsenziya shoshilinch qaytarilganiga biror izoh berilgani yo‘q. Shu bilan birga, “O‘zbekkonsert” nomiga istehzo aralash tanqidlar davom etmoqda. Buni “Daryo” xabari ostidagi izohlardan ham bilish mumkin.

* * *

Shavkat Mirziyoyev Bokuga Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitiga bordi. Shu kuni kechqurun mezbon Ilhom Aliyev kengashga a’zo mamlakatlar davlat va hukumat rahbarlarini mehmon qildi. Dasturxon ustida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va uning rafiqasi Mehribon Aliyeva, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va uning turmush o‘rtog‘i, Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bo‘ldi.

Foto: Ozarbayjon prezidenti matbuot xizmati

Ertasiga bo‘lib o‘tgan sammitda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, “Turkiy kengashga a’zolik xalqimizning tub manfaatlariga to‘la javob beradi. Bugungi kunda o‘rtamizda nafaqat madaniy-ma’naviy aloqalar, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda”, dedi. Sammitda O‘zbekiston Respublikasining Turkiy kengashga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shilishi to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Shu haftaning o‘zida Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz janubiga safar qildi. Termizda avvalo Hakim at-Termiziyni ziyorat qilgan prezident keyin Angor tumanidagi klasterni ko‘zdan kechirdi. Denovdagi harbiy qismda bo‘ldi. Prezident tashrifi davomida Jarqo‘rg‘onda yangi qurilgan ulkan sement zavodi bilan ham tanishdi.

* * *

Vadim Abramovning shogirdlari ikkinchi g‘alabasi bilan muxlislarga quvonch ulashdi. Uchrashuvning 15-daqiqasida Odil Ahmedov jarima zarbasini qoyillatib hisobni ochdi. Birinchi bo‘limdayoq singapurliklar vaziyatni tenglashtirgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda Eldor Shomurodov javobsiz ikkita to‘p urib, jamoaning umumiy ochkolarini oltitaga yetkazdi.

Shunday qilib, xorijlik qimmatbaho murabbiyni kuzatgach, “oq bo‘rilar”imizning ovi ketma-ket baroridan kelmoqda. Saudiya Arabistoni bilan Falastin murosali o‘yin ko‘rsatgach, O‘zbekiston guruh peshqadamiga aylanib qoldi.

* * *

O‘zbekiston hukumati bug‘doy va un narxini liberallashtirishga qaror qilganidan keyin bu iste’mol mahsulotlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Endi davlat fermerlardan va donni qayta ishlash korxonalaridan don sotib olish narxini sun’iy ravishda ushlab turmaydi. Shuning uchun ham “bo‘lkanon” narxi birdan ko‘tarilib ketdi. Hozir Toshkent do‘konlarida non 1350–1500 so‘mdan sotilyapti.

Bu narx siz va bizga ta’sir qilmasligi mumkin. Ammo kam ta’minlanganlar-chi? Davlat buni hisobga olib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga beriladigan har oylik pul kompensatsiyasini 50 ming so‘mga oshirib qo‘ydi. Yaqindan boshlab kompensatsiya oladigan aholi toifalariga 14 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun nafaqa oluvchi oilalar va belgilangan eng kam miqdorda yoshga doir pensiya oluvchilar ham qo‘shildi.

* * *

“Togri.uz” sayti faoliyatini to‘xtatdi. Dushanba kuni tarqatilgan xabarga ko‘ra saytni moliyalashtirish to‘xtatilgan. Saytda ilgari “Turon24.uz” va “Kun.uz” saytlarida ishlagan Sardor Salim, Xurshid Yo‘ldoshev, Alisher Ro‘zioxunov kabi jurnalistlar faoliyat yuritar edi.

Sayt nega dabdurustdan ishini to‘xtatgani haqida biror izoh berilgani yo‘q. Faqatgina AOKA rahbari Komil Allamjonov turli siyosiy mavzudagi taxminlar tarqalishi ortidan izoh berib, “Shuni alohida qayd etish kerakki, ‘Togri.uz’ sayti faoliyati to‘xtatilgani bu ta’sischilarning ichki va shaxsiy masalasi bo‘lib, siyosiy sabablarga aslo bog‘liq emas”, dedi.

Videodan skrin

“Togri.uz” sayti Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashliligi haqida gap-so‘zlar yuradi. Ammo bu haqda na hokim, na matbuot xizmati biror marta izoh bermagan.

* * *

O‘zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher A’zamxo‘jayev “Kun.uz” muxbiriga intervyu berib, Nodira Qodirovaning o‘limi,  Turkiyadagi o‘zbekistonliklar, turk sarmoyadorlari va boshqa masalalar yuzasidan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning bugungi haqiqatni sodda tilda ifodalagan eng salmoqli fikri ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi. “Fayzbog.uz” kanali uning fikrini alohida ajratib keltirdi; uni sizga taqdim etamiz.

Foto: Telegram / “Fayzbog.uz”

“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi voqif bo‘ling.