Yaponiya hamda Fransiya hukumatlari agar Tehron Yadro dasturi bo‘yicha birgalikdagi keng qamrovli harakatlar rejasiga qaytsa, Eronga neft uchun 18,42 milliard AQSh dollari miqdorida kredit ajratishni taklif etmoqchi. Bu haqda “Mayniti” gazetasi xabar bergan.

Foto: PressTV

Nashrning yozishicha, Yaponiya hukumati Fransiyaning yozda Eron uchun 15 milliard dollar ajratish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgan. Forslar o‘shanda ushbu mablag‘ni nisbatan kamroq deb hisoblagan va uni 18,42 milliard dollarga yetkazishni so‘ragandi. Yaponiya bu borada fransuzlarga sherik bo‘lmoqchi.

Gazetaga ko‘ra, Yaponiya ushbu harakat orqali O‘rmuz bo‘g‘oziga fuqarolik kemalarini himoya qilish uchun ikkita harbiy kema yuborish bo‘yicha Eron roziligini olishga urinmoqchi. Shuningdek, Tokio moliyaviy yordam Eron hamda AQSh o‘rtasida yadro dasturi bo‘yicha muloqot tiklanishiga umid qilmoqda.

Tehron kredit bo‘yicha kafolatlarni neft hisobiga olishi va moliyaviy ajratmalarni oziq-ovqat hamda dori-darmonga sarflashi taxmin qilinmoqda.

Yozda Fransiya Yevropa vakili sifatida Eronning yadro dasturini qo‘llab-quvvatlash haqida shaxsiy tashabbusini ilgari surgandi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron AQSh davlat rahbari Donald Trampni Eronning neft eksportini kengaytirishi uchun harakatlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgandi. Makronning fikriga ko‘ra, agar Eronga ushbu imkoniyat berilsa, forslar kuniga 700 ming barell neft ishlab chiqara oladi. Rejaning ikkinchi bandida Fransiyaning AQSh sanksiyalarini aylanib o‘tishi uchun 15 milliard dollar kreditga ega bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Keyinchalik Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abbos Araqchi kredit taklif qilinganligini tasdiqlagan.

8-mayda Eron Yadro dasturi bo‘yicha birgalikdagi keng qamrovli harakatlar rejasidagi uran va og‘ir suvga aloqador bandlar ijrosini ta’minlashdan bosh tortgan. Keyinroq MAGATE Tehronning kamboyitilgan uran zaxirasini 300 kilogrammga yetkazganini ma’lum qildi. Iyul boshida Eron yadro kelishuviga amal qilmasdan uranni 3,67 foizga boyitishini bildirdi.