Tehron yadro bo‘yicha majburiyatlarini qisqartirish chora-tadbirlarining to‘rtinchi bosqichiga tayyorlanayotgani va Yevropa o‘z zimmasidagi vazifalarni bajarsa, ushbu bosqichga o‘tilmasligini bildirdi. Bu haqda Eron TIV vakili Abbos Musaviy so‘zlariga tayanib “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Sipri

“Yadro bo‘yicha majburiyatlarni qisqartirishning to‘rtichni bosqichi ishlab chiqildi. Biz ish bu bosqichni faollashtirishimizgacha yetib bormasligiga va Yevropa tomonining o‘z zimmasiga olgan vazifalarni amalga oshirishiga umid qilamiz”, — deya ta’kidlagan Musaviy.

2015-yilda oltilik, ya’ni Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh va Fransiya Eron bilan Yadro dasturi bo‘yicha birgalikdagi keng qamrovli harakatlar rejasini ishlab chiqdi. Kelishuvga ko‘ra, Eronga qo‘llanilgan sanksiyalar yadro dasturida cheklovlar qo‘llash evaziga olib tashlanishi ko‘zda tutilgandi. Shartnomaning dastlabki ko‘rinishi uch yil ham amal qilmadi: 2018-yil may oyida AQSh kelishuvdan chiqishini e’lon qildi va Eron islom respublikasiga nisbatan keskin sanksiyalar qo‘lladi.

Tehron esa AQSh kelishuvdan chiqqanidan bir yil o‘tgach “strategik sabr-toqat”dan keyin joriy yilning 8-mayida Yadro dasturidagi cheklovlarni tan olmay harakat qilishni boshladi. Yadro dasturi bo‘yicha birgalikdagi keng qamrovli harakatlar rejasini bajarmaslikning birinchi bosqichi uranni boyitish va og‘ir suv bo‘yicha cheklangan me’yorlarni buzish bo‘ldi. Keyinchalik Eron rejaga amal qilmaslikning ikkinchi bosqichiga o‘tdi, ya’ni uran mamlakat uchun kerakli miqdorda boyitilishi e’lon qilindi. Uchinchi bosqich 6-sentabrda boshlandi: Eron rejada va undagi nizomlarda belgilangan chegaralarni chetlab o‘tgan holda yadro tadqiqotlari bo‘yicha ishlarni amalga oshirdi.