Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudida 18-oktabr kuni sudlanuvchi Mahmud Rajapovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda “Daryo”ga Oliy sud matbuot kotibi ma’lum qildi.

Foto: Facebook

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, Mahmud Rajapovni Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 246-moddasi (kontrabanda) 1-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati sudi tomonidan Mahmud Rajapovga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llanilib, tayinlangan jazoni shartli deb hisoblab, 2 yil 6 oy sinov muddati belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda 23-sentabr kuni jurnalist Mahmud Rajapov va uning yaqinlari IIV rahbariyati bilan uchrashish uchun Toshkent tomon piyoda yo‘lga chiqqani, so‘ng ichki ishlar xodimlari ularni to‘xtatib, bo‘limga olib ketgani haqida xabar berilgan edi.

Mahmud Rajapovning bunday harakatlarini videoga olib, jonli efirda ko‘rsatib borgan bloger Nafosat Ollashukurova 10 sutkalik ma’muriy qamoq bilan jazolangan. Jarayonning qolgan ishtirokchilariga esa eng kam ish haqining bir (223 ming so‘m) va uch barobari (669 000 so‘m) miqdorida jarima solingan.

26-sentabrda Nafosat Ollashukurova ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan paytida ruhiyatida o‘zgarishlar sezilganligi uchun tez tibbiy yordam chaqirtirilib, psixiatrning tavsiyasi bilan uni viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketilgan. Hozirda Nafosat Ollashukurova Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida davolanmoqda.