Mirishkorlik 29 yashar ayolni o‘zini o‘ldirish darajasiga yetkazishda ayblangan Sh.G. ismli shaxsga Jinoyat ishlari bo‘yicha Kasbi tuman sudi tomonidan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda sud majlisida qatnashgan “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Mirishkor tumanining Yangi Jeynov mahallasida yashagan 29 yoshli juvon Sh.R.ni o‘zini o‘ldirish darajasiga yetkazishda ayblanganlar — Sh.G. va T.S. lar ustidan 2019-yil 12-sentabr kuni boshlangan sud ishi 21-oktabr kuni yakuniy xulosaga keldi.

Mirishkor tumanining Yangi Jeynov mahallasida yashovchi 29 yoshli Sh.R. ni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazishda ayblangan Sh.G. Jinoyat kodeksining 103-modda (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 1-qismi, 141-modda (“Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish”) “a” va “b” bandlari, 165-moddaning (“Tovlamachilik”) 1-qismi bilan aybli deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Ushbu ishda aloqadorlikda ayblangan T.S. esa 141-modda (“Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish”) 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan 2 yil ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanildi.

Foto: “Daryo”

Sud marhuma Sh.R. bilan ko‘rishib yurgan va 1-aprel kungi voqealarga sababchi bo‘lgan sobiq IIB xodimi Zafar Aminov 1-aprel kuni ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan tovlamachilik jinoyati haqida bila turib xabar bermagani uchun, jinoyat haqida xabar bermaslik masalasida kelgusida qo‘shimcha surishtiruv o‘tkazish lozimligini bildirdi va bu haqda Mirishkor tuman prokuroriga ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida mirishkorlik juvon o‘zi ishlaydigan go‘zallik salonida osilgan holda topilgani va uning yaqinlari qizini o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga olib kelishgani haqida so‘z borgan maqola e’lon qilingandi.