Zimbabvedagi Xvang milliy parkida oxirgi ikki oy ichida kamida 55 ta fil ochlik va suvsizlik sabab halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Foto: AfricansLive

“Vaziyat juda og‘ir. Fillar ochlikdan halok bo‘lmoqda va bu juda katta muammo”, — deydi Zimbabvedagi milliy park xodimi Tinashe Faravo.

Xabarlarga ko‘ra, bir nechta fil jasadi suv havzalari atrofidagi 50 metrli radiusdan topilgan va bu ularning ko‘llargacha yetib kela olmay halok bo‘lganligini bildirmoqda.

Faravoning aytishicha, milliy park davlat tomonidan moliyalashtirilmayapti va o‘z hududidagi 15 mingta filni oziq-ovqat hamda suv bilan ta’minlay oladi. Parkdagi fillarning umumiy soni esa 50 mingdan ko‘proq. Bunday og‘ir vaziyat fillarning qolgan qismi hududni tark etib mustaqil holda yemish va suv izlashga majbur bo‘lgan.

Bu yil kuzatilgan qurg‘oqchilik Zimbabveda hosildorlikning ham pasayishiga sabab bo‘ldi, natijada aholining uchdan bir qismida iqtisodiy tanglik vaqtida ovqat yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Avgustda BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi hisobotida Zimbabvening 2 million aholisi ochlik xavfi ostida qolayotgani qayd etilgan. Mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz yovvoyi tabiat boyliklari va qadriyatlarini asrash uchun ham mablag‘ yetishmovchiligiga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu og‘ir vaziyatdan chiqishning yechimi sifatida fillarni xorijga sotish taklif qilingan, ammo bunday amaliyotning joriy qilish taklifi yovvoyi tabiat bo‘yicha ekspertlarning noroziligini keltirib chiqardi. Ular fillarning xorij hayvonot bog‘laridagi sharoitlarda yashashga qiynalishini ta’kidlagan.