Turkmaniston davlat do‘konlarida un, o‘simlik yog‘i, tuxum va tovuq go‘shtining tanqisligi davom etmoqda. Do‘konlarda ushbu mahsulotlar hali ham chegaralangan miqdorda sotilmoqda, deya xabar bergan “Regnum”.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Ashxabod shahridagi ayrim savdo nuqtalarida avval tovuq oyog‘i kishi boshiga uchtadan sotilgan bo‘lsa, endi ushbu limit bittaga qisqargan. Xaridorlar ushbu mahsulotning 200 grammi muz ekanligini bildirgan.

Sotuvchilar ushbu holatni “yuqoridan shunday buyruq bo‘ldi” deya izohlamoqda va nima uchun do‘konlarda ushbu mahsulotlar tanqis bo‘lib qolganiga aniq sabab ko‘rsatmayapti.

Mamlakatda mahalliy paxta va import pista yog‘lari ham sotuvda kamayib ketgan. Pista yog‘ining narxi oxirgi vaqtda bir litr uchun 9-13 manat (24—35 ming so‘m) gacha ko‘tarilgan.

Avval Turkmanistondagi davlat do‘konlarida sotuvchilarning maktab o‘quvchilariga oziq-ovqat mahsulotlarini sotishi taqiqlangandi.