Rossiya mudofaa vazirligi e’lon qilgan xaritadan Suriya chegarachilari Turkiya bilan chegaradosh hududlarga jami 15 ta post joylashtirilishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Al Jazeera

Xaritaga ko‘ra, Damashq hukumati Suriya hamda Turkiya o‘rtasidagi chegaraga 15 ta post joylashtiradi.

Foto: “Interfaks”

22-oktabr, seshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda Turkiya davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Sochida Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgan va olti yarim soat davom etgan muzokaralardan keyin qochoqlar uchun “xavfsiz zona” tashkil qilishda qo‘shma patrul tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan 10 ta vazifalar bandidan iborat memorandumni imzolagan.

Hujjat bo‘yicha 12 kun davomida Suriya—Turkiya chegarasida “Tinchlik bulog‘i” operatsiya amalga oshirilayotgan hudud yaqinidagi yerlarda Rossiya harbiy politsiyasi hamda Suriya chegara xizmati tomonidan patrul tadbirlari o‘tkaziladi.

Qo‘shma patrul harakatlari kurd guruhlari va ularning qurol-aslahalarining 150 soat ichida Suriya—Turkiya chegarasidan 30 kilometr uzoqlikka ko‘chirilishini nazorat qiladi. “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasidagi 12 kunlik tanaffus yakuniga yetgach, Qamishli shahridan tashqari shimoli-sharqiy chegaradagi barcha hududlarda rus-turk qo‘shma patrul harakatlari amalga oshiriladi.