AQSh mudofaa vaziri Mark Esper Turkiya Suriyadagi vaziyatni tartibga solishda Rossiya bilan emas, balki NATO bilan hamkorlik qilishi lozimligini ta’kidladi, deb xabar berdi “TASS”.

Foto: Newsland

Pentagon rahbari ushbu mavzuni Bryusselda Marshallning Germaniya fondida Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlari uchrashuvi oldidan jurnalistlar bilan muhokama qildi.

“Turkiya noto‘g‘ri strategiya yo‘nalishida harakatlanmoqda. Anqara Rossiyadan ko‘ra NATO bilan hamkorlik qilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi”, — deya jurnalistlarning Anqara va Moskvaning Suriyadagi vaziyat bo‘yicha hamkorligi haqida bergan savoliga javob qaytargan Esper.

Shuningdek, u Rossiya hamda Turkiya o‘rtasida imzolangan memorandumni Moskvaning katta diplomatik yutug‘i deb hisoblamoqda.

“Rossiya ushbu kelishuvdan qanchalik manfaatdor bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi”, — deydi AQSh mudofaa vaziri.

17-oktabrda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens bilan muzokaralardan keyin Suriya shimoli-sharqida 9-oktabrda boshlangan “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasini 120 soatga to‘xtatishni kelishib olgan. O‘t ochmaslik sharti bo‘yicha ushbu muddatda “Suriya demokratik kuchlari” kurd qo‘shini qochoqlar uchun “xavfsiz zona” tashkil qilinishi mo‘ljallangan hududni tark etishi belgilangandi.

22-oktabrda Sochi shahrida Rossiya va Turkiya davlat rahbarlari o‘rtasida Suriyadagi vaziyat muhokamasidan keyin Moskva hamda Anqara “Tinchlik bulog‘i” harbiy harakatlarini yana 150 soatga to‘xtatish, muddat tugagach esa mamlakatda qo‘shma patrul tadbirlarini o‘tkazish haqida memorandum imzolagan. Memorandumga asosan ishlab chiqilgan xaritaga ko‘ra Suriya qo‘shinlari Turkiya bilan chegara hududlariga 15 ta post joylashtirishi belgilangan.