AQSh mudofaa vazirligi Suriya shimoli-sharqidagi neft konlarini IShID terrorchilari hujumidan qo‘riqlash maqsadida hududga qo‘shimcha kuchlar va harbiy vositalarini yuboradi. Bu haqda Pentagon matbuot xizmati xabar qildi, deb yozgan “TASS”.

Foto: AP

“AQSh ‘Suriya demokratik kuchlari’ koalitsiyasidagi ittifoqdoshlari bilan munosabatlardagi pozitsiyasini mustahkamlaydi va Suriya shimoli-sharqidagi neft konlarining IShID terrorchilari yoki boshqa beqaror subyektlar qo‘liga o‘tib ketishini oldini olish maqsadida hududga qo‘shimcha harbiy kuchlarini yuboradi” – deyilgan bayonotda.

Shuningdek, matbuot xizmati xabarida AQSh va uning ittifoqdoshlarining IShID bilan kurashda erishgan eng katta yutug‘i Suriya sharqidagi neft konlarining ya’ni terrorchilarning asosiy daromad manbasining egallab olinganligi ekani ta’kidlangan.

Pentagon rasmiylari terrorchilarga qarshi operatsiya davom etishi va IShID qayta paydo bo‘lmasligi uchun neft konlarini yaxshi qo‘riqlash lozimligini qayd etgan.

Avval AQSh davlat rahbari Donald Tramp hukumatning terrorchilarning neft konlari ustidan nazorat o‘rnatishiga yo‘l qo‘ymasligi va ularni qo‘riqlashni Amerika harbiylari ixtiyorida qoldirilishini bildirgan.

Suriya shimoli-sharqidagi vaziyat haqida

9-oktabrda Anqara Suriya shimoli-sharqida kurdlarga qarshi “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasini boshladi. Turkiya harbiy harakatlarni Suriya bilan chegara hududida mamlakatdagi suriyalik qochoqlar uchun “xavfsiz zona” tashkil qilish maqsadida amalga oshirayotganini bildirgan. Damashq ushbu harakatlarni zo‘ravonlik deb atadi, dunyo davlatlari esa Anqaraning harbiy operatsiyasini qoraladi.

17-oktabrda AQSh hamda Turkiya rasmiylari muzokaralardan keyin Suriyadagi urushni to‘xatatishni kelishib oldi. Anqara “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasini “Suriya demokratik kuchlari” koalitsiyasining kurd jangarilari hududni tark etishi uchun 120 soatga to‘xtatdi.

22-oktabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Suriya shimoli-sharqidgi vaziyatni muhokama qildi. Olti yarim soat davom etgan suhbatdan keyin ikki davlat rahbari “Tinchlik bulog‘i”ni yana 150 soat davomida to‘xtatib turish, o‘t ochmaslik rejimi bekor bo‘lgach Turkiya chegarasining 30 kilometr qismidagi kurdlarni u yerdan uzoqlashtirish, qo‘shma patrul tadbirlarini o‘tkazish, chegaralarda rasmiy Damashq tomonidan 15 ta post joylashtirish, Adana xalqaro shartnomasiga amal qilish yuzasidan memorandum imzoladi. AQSh mudofaa vaziri Mayk Esper Turkiya Suriyadagi vaziyatni tartibga solishda Rossiya bilan emas, balki NATO bilan hamkorlik qilishi lozimligini ta’kidlagan. Eron tashqi ishlar vazirligi esa Putin va Erdo‘g‘onning Suriyadagi vaziyat bo‘yicha qarorini qo‘llab-quvvatlagan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.