Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon mamlakat mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasining faollari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda 2019-yilning may oyi holatiga har qanday mulkchilik shaklidagi korxonalardagi yollanma ishchilar soni 1,18 millionga yetgani va bu mehnatga layoqatli aholining 51,1 foizini tashkil qilishini qayd etgan. Shuningdek, Emomali Rahmon 870 ming nafar ishchining kasaba uyushmalariga a’zo ekanligiga urg‘u berdi.

Foto: Tojikiston prezidentining matbuot xizmati

Tojikiston prezidenti 2015—2017-yillarda respublikada norasmiy bandlik holatlarini qisqartirish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqilgandan so‘ng 2016-yildagi tadqiqotlarda norasmiy bandlik ko‘rsatkichi 29,4 foizga (249,5 ming odam) tushgani va 2009-yildagiga nisbatan 24,4 foizga qisqarganligini ta’kidladi. Rahmonning aytishicha, norasmiy bandlikni kelajakda ham qisqartirib borish maqsadida 2019—2023-yillar uchun yangi dastur ishlab chiqiladi.

Aholi bandligini ta’minlash va mehnat agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yilning 1-iyun holatiga Tojikistonda 91 mingta turli mulkchilik shakliga ega korxona ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Emomali Rahmon kasaba uyushmalari ishchilarning mehnat huquqlarining himoyasi, barcha korxonalardagi sanitar-gigiyenik holatini va mehnat muhafazasi sharoitlarining jamoatchilik nazoratini olib borishi zarurligini qayd etdi. U oxirgi ikki yil ichida ishlab chiqarish faoliyatida 196 ta baxtsiz hodisa yuz bergani va ularda 47 nafar odam halok bo‘lganligini ma’lum qildi.

Mehnat sharoitlarini yaxshilash va ishchilarga munosib sharoit yaratish baxtsiz hodisa yuz berganidan keyin ularga kompensatsiya to‘lashdan ancha arzonga tushadi. Kasaba uyushmalari har bir tashkilot, korxonada mehnat muhofazasi va ishchilarning tibbiyot haqidagi ko‘nikmalarini yaxshilash yuzasidan ishlarni tashkillashtirishi lozim.

Emomali Rahmon, Tojikiston prezidenti

Shuningdek, prezident iqtisodiyotning turli sohalarida ishchilarga oylik maoshlarini berishda qarzdorlik mavjudligini aytdi va bu masalaning mamlakat hukumati, mas’ul rahbarlar va professional ittifoqlarning diqqat-e’tiborida ekanligiga urg‘u berdi.

Rahmon kasaba uyushmalarini ishchilar va ularning oila a’zolarining sog‘lig‘ini yaxshilashda faol bo‘lishga chaqirdi. U ishchilar va ularning oila a’zolarining mehnat ta’tili vaqtida maroqli hordiq chiqarishlari uchun munosib sharoitlar yaratishni tavsiya qildi.