Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Fransiyaning Le Point jurnalini o‘z sha’niga nisbatan haqoratli so‘zlar va tuhmat mazmunidagi maqola chop etgani uchun sudga berdi. Sudga davlat rahbarining nomidan uning advokati murojaat qilgan, deya xabar berdi “TASS”.

Foto: Eurointegretion

Sudda 24-oktabr, payshanba kuni chop etilgan maqola uchun jurnal bosh muharriri Etyen Jernel va material muallifi Roman Guper javobgar bo‘ladi. 11 sahifadan iborat turk tomonining sud shikoyati Anqara bosh prokuraturasiga fransuz jurnalistlarining Jinoyat kodeksining “Prezidentni haqoratlash” moddasiga binoan ko‘rib chiqish uchun taqdim qilingan.

Sud jarayonining predmeti Turkiyaning kurdlarga nisbatan qilayotgan siyosati haqida maqolada yozilgan gaplar bo‘ladi. Jurnalning bosh sahifasiga Erdo‘g‘onning surati joylashtirilgan va “Etnik tozalash, buzg‘unchi Erdo‘g‘onning metodi” va “Uning kurdlarni o‘ldirishiga (Yevropaga tahdid qilishiga) yo‘l qo‘yib bo‘ladimi?” so‘zlari yozilgan. Maqolada Turkiya davlat rahbari haqoratli deb hisoblaydigan va mamlakat sha’niga ham daxldor gaplar yozilgan.

Foto: Turkish Minute

Erdo‘g‘onning rasmiy vakili Ibrohim Kalin Le Point jurnalini mijoziga tuhmat qilganlikda aybladi.

“Fransiya ko‘plab Afrika mamlakatlarini koloniyasiga aylantirgan, Jazoir va Marokashni bunga misol qilish mumkin. Fransiya minglab odamlarni halok qilgan, qullarni sotgan va Ruandadagi millat qirg‘inini kuzatgan. Jurnal esa Turkiyani etnik tozalashlar o‘tkazganlikda ayblab tuhmat qilgan!” — deya yozgan advokat Twitter’da.