Boliviyaning amaldagi prezidenti Evo Morales 20-oktabrda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining birinchi turida g‘alaba qozondi. Mamlakat oliy saylov sudi e’lon qilgan natijalar shundan dalolat bermoqda, deya xabar berdi “RIA Novosti”.

Foto: Reuters

Morales 47,07 foiz, uning asosiy raqibi Karlos Mesa 36,51 foiz ovoz to‘pladi. Birinchi turda g‘alaba qozonish uchun nomzod 50 foizdan ortiq yoki kamida 40 foiz, biroq raqibidan 10 foiz farq bilan ovoz yig‘ishi zarur edi.

Bu ikki nomzod orasidagi farq 10,56 foizni tashkil etdi, bu esa Moralesning qo‘li baland kelganini anglatadi. U to‘rtinchi bor Boliviya prezidenti lavozimini egallamoqda.

Ovozlarni hisob-kitob qilish chog‘ida mamlakatning qator shaharlarida tartibsizliklarga aylanib ketgan namoyishlar boshlandi. Namoyishchilar saylov sudining mahalliy bo‘limlari binolariga o‘t qo‘ygani aytilmoqda. Morales buni davlat to‘ntarishiga urinish sifatida baholadi.