Yaqinda O‘zbekistonda Chevrolet Onix savdo belgisi ro‘yxatdan o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi. Aytilishicha, 24-sentabr kuni Intellektual mulk agentligiga Chevrolet Onix savdo belgisini ro‘yxatga olish to‘g‘risida General Motors LLC US’dan murojaat kelib tushgan.

Avvalroq UzAuto Motors kompaniyasi yangi modellar va yangi ranglardagi avtomobillarni yil oxiriga qadar taqdim etishi, uning arzon modellari Chevrolet Onix va yangi Tracker bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.

Bu yangiliklar paydo bo‘lganidan so‘ng “Daryo” yaqin kelajakda O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi kutilayotgan Chevrolet Onix avtomobili qaysi davlatlarda ishlab chiqarilayotganiga va dunyoda qanday narxlarda sotilayotganiga qiziqib ko‘rdi.

Chevrolet Onix, Braziliya.
Foto: Wikipedia

Chevrolet Onix General Motors’ning Braziliya bo‘limi konstruktorlari tomonidan yaratilgan va 2012-yildan beri konsernning Riu-Grandidu-Sul shtatidagi (Braziliya) Gravatai shahrida joylashgan zavodida ishlab chiqariladi. Boshida bu avtomobil faqat xetchbek ko‘rinishida bo‘lgan, oradan bir yil o‘tib, 2013-yilda uning sedan ko‘rinishidagi rusumi ham ishlab chiqilgan. Ushbu rusumdagi avtomobillar nafaqat Braziliya, balki Janubiy Amerikadagi barcha davlatlarda avtomobil ixlosmandlariga taqdim etib kelinmoqda va zo‘r muvaffaqiyat bilan sotilmoqda.

Avtomobil General Motors’ning Braziliyadagi zavodlarida bugungi kunda ishlab chiqarishdan olib tashlangan to‘rt silindrli 1,0 va 1,4 dvigatelga ega Aveo avtomobili platformasida loyihalashtirilgan.

Shu o‘rinda kichik bir eslatma: Braziliyada ishlab chiqariladigan avtomobillar asosan Janubiy Amerikaga xos tarzda benzin va etil spirti, etanolda harakatlanadigan qilib ishlab chiqariladi. Sababi, bu ikki yoqilg‘i turi bu qit’ada yetarlicha ko‘p ishlab chiqariladi, boshqa yoqilg‘i turlari bu davlatlarda kamyob hisoblanadi va ularni boshqa qit’alardan keltirish qimmatga tushib ketadi. Shu sababdan Braziliyada ishlab chiqarilayotgan Chevrolet Onix benzin va etanolda harakatlanadi.

2016-yilda avtomobilning xetchbek ko‘rinishi yangicha qiyofaga ega bo‘ldi. Kuzovning old va orqa qismida sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Shuningdek, mashinaga yanada zamonaviy multimedia uskunalari o‘rnatila boshlandi. Ichki interyer chiroyli va mukammal ko‘rinishga keltirildi.

2019-yili yana bir modifikatsiya ishlab chiqildi. Bu modifikatsiya Chevrolet Onix Plus nomini oldi.

Chevrolet Onix’ning yangilangan rusumi 1,4 litr hajmli dvigatellar bilan jihozlanib, mexanikalisi besh, avtomati olti uzatmali qilib ishlab chiqariladi.

Chevrolet Prisma, Braziliya, 2013-yil.
Foto: Wikipedia

Shuningdek, 2013-yilda Chevrolet Onix negizida Chevrolet Prisma nomi ostida sedan yaratildi. 2016-yilda uning ham yangilangan modifikatsiya chiqdi.

Chevrolet Onix’ning texnik tavsifi:

Ishlab chiqarila boshlangan yili: 2012-yil;

Ishlab chiqarayotgan davlat: Braziliya;

Kuzov turi: xetchbek – 5 eshikli (5 o‘rinli), sedan (Chevrolet Prisma) – 4 eshikli (5 o‘rinli);

Platforma: GM Gamma II;

Dvigatel hajmi: 98 ot kuchiga teng, 1,389 litrli;

Tranmissiya: mexanik uzatma qutilisi – 5 bosqichli,  avtomat uzatma qutilisi – 6 bosqichli;

Uzunligi: xetchbek – 3930 millimetr, sedan – 4275 millimetr;

Eni: 1705 millimetr;

Balandligi: 1484 millimetr;

G‘ildirak bazasi: 2528 millimetr;

Orqa trek: 1493 millimetr;

Old trek: 1487 millimetr;

Og‘irligi: 1004 kilogramm;

Yuk ko‘tarish quvvati: 453 kilogramm;

Og‘irligi (yuk bilan): 1457 kilogramm;

Yoqilg‘i bakining o‘lchami: 54 litr;

O‘xshash rusumlar: Fiat Palio, Ford Fiesta, Volkswagen Gol, Hyundai HB20, Toyota Etior.

Chevrolet Onix ilk ishlab chiqarilganda ikki xil edi: biri 1,0 litr hajmdagi, benzinda 78 , etanolda 80 ot kuchi quvvatiga ega bo‘lgan dvigatel bilan, ikkinchisi 1,4 litr hajmdagi, benzinda 98 ot kuchi, etanolda 106 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan.

Keyinchalik, 2016-yilda avtomobilning yangilangan rusumi taqdim etilganda dvigatellar quvvati ham sezilarli oshirilgan

Bugungi kunda GM’ning Janubiy Amerika bozori uchun avtomobil ishlab chiqaradigan Braziliyadagi bo‘limi va Xitoy bozori uchun avtomobil ishlab chiqaruvchi Xitoydagi bo‘limi bu gigant avtokonsernning boshqa bo‘limlariga qaraganda muvaffaqiyatli ishlayapti.

O‘tgan 6–7 yil davomida Onix xetchbeki braziliyaliklarning tom ma’noda sevimli uloviga aylana oldi. Masalan, 2018-yilda bu mashinadan Braziliyada 210 458 ta sotildi. 2019-yilda esa tahlilchilar bu ko‘rsatkich 250 000 dan oshishini taxmin qilmoqda. Sababi, joriy yilning sakkiz oyi mobaynida Braziliyada Onix’dan 200 000 dan oshiqrog‘i allaqachon sotib bo‘lingan.

Xitoyda esa birgina Chevrolet Cavalier sedanidan 2018-yilda 252 108 ta sotildi; bu rusum Xitoyda eng ko‘p sotilgan avtomobillar reytingida 13-o‘rinni egalladi.

Shundan kelib chiqib, General Motors 2019-yil bahorida Xitoydagi bo‘limini yanada rivojlantirish rejasini e’lon qildi. Rejadan Onix’ning tamomila yangilangan modifikatsiyasini ham ishlab chiqarish ham o‘rin olgan. Shundan kelib chiqib joriy yil bahorda General Motors Xitoyda ishlab chiqaririlgan Onix taqdimotini o‘tkazdi, ammo faqatgina uning tashqi ko‘rinishi aks etgan fotosuratni ommaga e’lon qildi. Ichki dizayni esa ko‘rsatilmadi va ma’lum vaqt sir saqlandi. Aftidan, General Motors xitoylik avtomobil ixlosmandlarini lol qoldirish payida bo‘ldi va ma’lum ma’noda buning uddasidan chiqdi ham. 2019-yil yoz oylarida Onix sotuvga chiqarildi va hozircha muvaffaqiyat bilan sotilmoqda.

Chevrolet Onix, Xitoy.
Foto: Wikipedia

Garchi Xitoyda ishlab chiqarilirilayotgan Onix’ni General Motors “mutlaqo yangi rusum” deb ta’riflayotgan bo‘lsa-da, qiziqqon avtohavaskorlar yangi Onix shu paytgacha Xitoyda muvaffaqiyatli sotilgan Chevrolet Cavalier rusumining o‘zgartirilgan va takomillashtirilgan yangi modifikatsiya deb hisoblamoqda.

Narxlarga keladigan bo‘lsak, Braziliyada yangilangan Onix Plus sedani bugun 14 500–19 200 dollarga sotilmoqda (modifikatsiyaga qarab). Xitoyda yig‘ilayotgan Onix esa 80 ming yuandan 105 ming yuangacha (12–16 ming dollar atrofida) baholanmoqda.

Bahorda o‘tkazilgan o‘sha taqdimotdan ma’lum bo‘ldi-ki, Xitoyda ishlab chiqarilayotgan Chevrolet Onix ikki xil ko‘rinishga ega: biri 1,3 litr hajmdagi 103 ot kuchiga ega dvigatel bilan ishlab chiqarilsa, ikkinchisi 1,0 litr hajmdagi 116 ot kuchiga ega kuchaytirilgan dvigatel bilan ishlab chiqarilyapti.

Umuman olganda, General Motors bugun Braziliya va Xitoyda muvaffaqiyat bilan sotilayotgan Chevrolet Onix rusumini yaqin kelajakda “dunyo rusumi”ga aylantirmoqchi va ushbu rusumdagi mashinalar O‘zbekistondagi avtozavodlarda ham ishlab chiqarilishi katta ehtimol bilan o‘sha rejaning bir qismidir.

Taxminlarga ko‘ra, O‘zbekistonda Onix’ning Xitoyda ishlab chiqaririlayotgan eng yangi modifikatsiyasi emas, balki Braziliyada ishlab chiqarilayotgan versiyasi yig‘iladi. Bu haqda hali aniq gap aytilmadi. Nima bo‘lishini diqqat bilan kuzatishda davom etamiz.