Qozog‘istonda operatorlar ro‘yxatdan o‘tmagan foydalanuvchilarning mobil aloqasini ommaviy ravishda uzib qo‘yishni boshladi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Foto: “Kazlenta.kz”

Abonentlarning so‘zlariga ko‘ra, ular qo‘ng‘iroqni amalga oshirish uchun raqam tergan vaqtlarida mobil telefon ekranida qurilmaning ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi haqida xabar paydo bo‘lmoqda. Aloqa abonent SMS orqali o‘z STIRini (soliq to‘lovchining identifikatsion raqami) yuborib ro‘yxatdan o‘tgachgina qayta tiklanmoqda.

Mamlakatning ayrim shaharlarida odamlar mobil aloqa operatorlarining salonlariga to‘planib o‘z shikoyatini bayon qilmoqda. Masalan, poytaxt Nur-Sultonning o‘zida 24-oktabr, payshanba kuni salonlardan birida 40 nafar norozi abonent to‘plangan. Konsultantlar yig‘ilganlarga vaziyatni tushuntirib, SMS orqali STIRni yuborganlarning aloqa xizmati soat 14:00 dan keyin yoqib berilishini ma’lum qilgan.

Qozog‘iston raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligining telekommunikatsiyalar qo‘mitasi abonentlarni ro‘yxatga olish jarayoni 1-yanvarda o‘z yakuniga yetgani va agar fuqaro o‘z telefonini ushbu sanadan keyin xarid qilgan bo‘lsa, u holda SMS orqali STIRni yuborib ro‘yxatdan o‘tishi yoki aloqa operatoriga murojaat qilishi kerakligini bildirgan.

Qozog‘istonda abonentlarning mobil qurilmalarini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish yuzasidan normativ hujjat joriy yilning boshida kuchga kirgan. Qonunchilikka muvofiq aloqa xizmatlari faqat ro‘yxatdan o‘tgan abonentlarga ko‘rsatiladi.

Avvalroq Axborotlashtirish va jamiyat taraqqiyoti vaziri Dauren Abayev ushbu jarayon 2016-yilda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash sifatida boshlanganini ta’kidlagan.

Vazirning aytishicha, ushbu norma mobil qurilmalarning o‘g‘irlanishiga qarshi kurashda ham huquq-tartibot organlariga yordam beradi.

O‘tgan yilning dekabr o‘rtalarida Qozog‘istonning 70 foiz aholisi mobil qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazganligi xabar qilingan.

O‘zbekistonda ham 1-noyabrdan boshlab foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarning IMEI kodlari ro‘yxatga olinadi.

Bunda ro‘yxatga olish jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalarning mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimiga murojaat qilishi orqali 2019-yil 1-noyabrdan bepul, 2019-yil 1-dekabrdan esa pulli asosda amalga oshiriladi.