Rossiyada 10 yillik qamoq jazosini o‘tagan kriminal rahnamo Tariel Oniani Ispaniyaga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

Foto: “TASS”

U Sheremetevo xalqaro aeroportiga keltirilgan va Ispaniya huquq-tartibot idoralari vakillariga topshirilgan. Oniani Ispaniya tomonidan Interpol orqali qidiruvga berilgan, u tamagirlik va san’at asarlarini o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruhga aloqadorlikda gumon qilingandi.

Oniani sobiq Ittifoq hududidagi jinoyat olamining eng nufuzli shaxslardan biri bo‘lib, kriminal rahnamolar Vyacheslav Ivankov (Yaponchik) va Aslan Usoyanning (Ded Hasan) o‘ldirilishi buyurtmachisi bo‘lgani taxmin qilinadi. Uning o‘zi buni inkor qilgan.

Oniani Moskvada 2009-yili biznesmen Jonni Minadze o‘g‘irlanishini uyushtirgani uchun qamoq jazosini o‘tayotgandi. U 2019-yil aprelida koloniyadan ozod qilingan va oradan bir necha soat o‘tib, Rossiyadan badarg‘a qilish uchun yana hibsga olinadi.