Rossiyada Kareliya repsublikasi bo‘ylab gastrol safari uyushtirayotgan sirkchilar tomoshasi vaqtida ayiq o‘z egasiga kutilmaganda hujum uyushtirdi, natijada tomoshaga kelgan bolalar va ularning ota-onalarida vahima hamda qo‘rquv paydo bo‘ldi. Endi ayiq ishtirokidagi ushbu nomer gastrol tomoshalarida boshqa namoyish etilmaydi, deb xabar berdi “Interfaks”.

Foto: “Kp.ru”

“Sirk truppasining boshqa nomerlari tomoshabinga xavf tug‘dirmaydi. Ularda hayvonlardan kuchuklar, yenotlar, ilonlar, maymunlar, to‘tilar ishtirok etadi, shuningdek, sirkda gimnastlarning nomerlari, fokuslar, illyuziya, temir odam va mazxarabozning chiqishlar ham namoyish etiladi”, — deya qayd etgan tomosha administratori Lyudmila Misnik.

Misnik ushbu holatni tomoshabinlarning fotokameralari va telefonlari kamerasidan chiqqan yorug‘lik ayiqni cho‘chitib yuborganligi bilan izohladi.

“Sirk o‘z shaxsiy hayvonlariga ega emas. Artistlar ham yollanma xizmatchi. Hayvon o‘rgatuvchining o‘zi ayiqning egasi. Demakki, ayiq o‘z egasiga hujum qilgan. Ushbu xavfli nomer dasturdan olib tashlandi. Lekin akrobatlar, gimnastlar, mazxarabozlarning bunda aybi yo‘q-ku? Bu ularning kasbi va pul topish uchun tomoshalarni tashkillashtirishi lozim. Shuning uchun ham gastrollar davom etadi, faqat ayiq ularda ishtirok etmaydi”, — deya ta’kidlagan tashkilotchi.

Lyudmila Misnik hodisadan keyin zaldan chiqib ketgan tomoshabinlarning hammasiga bilet pullarining qaytarib berilganini bildirdi.

Hayvon o‘rgatuvchi hujumdan keyin omon qolgan, erkakning hayotini ayiqning tumshuqbog‘i bo‘lganligi asrab qolgan.

23-oktabr, chorshanba kuni Olonsda bo‘lib o‘tgan ushbu hodisa sabab hududiy tergov qo‘mitasi vaziyat yuzasidan Rossiya qonunchiligiga ko‘ra “Iste’molchilar sog‘lig‘i va hayotining xavfsizligi talablariga rioya qilmaganlik” haqidagi modda bo‘yicha tekshiruv o‘tkazgan.