“Suriya demokratik kuchlari” (SDK) kurd jangari otryadlarining rasmiy vakili Mustafo Boli jangchilarning Suriya va Turkiya chegarasidagi hududdan 32 kilometr nariga chekinganini bildirdi. Bu haqda “Izvestiya” xabar berdi.

Foto: AFP

U SDK kurdlarining Tell-Oboddan Ras al-Ayngacha bo‘lgan hududni tark etganligini ma’lum qilgan.

9-oktabrda Turkiya Suriya shimoli-sharqida “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasini boshlagan. Ushbu harbiy harakatlardan Anqaraning ko‘zlagan maqsadi mamlakatdagi qochoqlarni Suriyaga qaytarish uchun “xavfsiz hudud” tashkil qilish, ushbu zonani tuzish uchun esa chegara yaqinidagi kurd jangarilarini siqib chiqarishdan iborat edi.

Ushbu harbiy operatsiya sabab Turkiya dunyo davlatlarining keskin tanqidlariga uchradi, jumladan, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Iroq, Misr, Eron, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Estoniya, Kanada kabi davlatlar Anqaraning ushbu siyosatini qoraladi. AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiya vazirliklari va vazirlariga nisbatan sanksiyalar qo‘lladi.

17-oktabrda Vashington hamda Anqara Suriyadagi urushni to‘xtatish yuzasidan muzokaralar olib bordi va kurdlar chegara hududidan uzoqlashishi uchun “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasi 120 soatga to‘xtatildi.

22-oktabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi va ikki davlat o‘rtasida hududda qo‘shma patrul tadbirlarini o‘tkazish, Adana shartnomasiga amal qilish, Damashq chegara qo‘shinlarining operatsiyalarda ishtirok etishi, shuningdek, 23-oktabrdan kurdlar hududdan chiqib ketishi uchun “Tinchlik bulog‘i”ni yana 150 soatga to‘xtatish bo‘yicha memorandum imzoladi.

23-oktabrda AQSh rasmiylari kurd jangarilarining Suriya shimoli-sharqidagi “xavfsiz zona” hududidan chiqib ketganligini tasdiqladi. Donald Tramp esa Turkiyaga qo‘llanilgan sanksiyalarni bekor qildi.