Tojikistonda 2019-yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilmagani tufayli 123 ta stomatologiya klinikasi, 157 ta go‘zallik saloni va 81 ta sartaroshxona yopilgan. Bu haqda “Regnum” xabar berdi.

Foto: “Orion.tj”

Shuningdek, ushbu davrda mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligining davlat nazorati xizmati tomonidan stomatologik klinikalarning 97 nafar, sartaroshxonalarning 97 nafar va go‘zallik salonlarining 173 nafar rahbarlariga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.

Tojikiston sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu muassasalarga nisbatan jami 11,4 ming AQSh dollariga teng miqdordagi jarimalar qo‘llanilgan.

Boshqa mas’ul idora va tashkilotlarning tekshiruvlari natijasida yaroqlilik muddati o‘tib ketgan va sifatsiz 132 ming 227 kilogramm dorilar, gigiyena va bolalar oziq-ovqatlari yo‘q qilingan.

Kosmetologiya muassasalari, jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan 372 ta ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan va ularga nisbatan jami 102,9 ming AQSh dollari miqdoridagi ma’muriy jarimalar belgilangan.