Turkmanistondagi Axal viloyatidagi yog‘ zavodi O‘zbekistondan keltirilgan paxta chigiti sabab yana qayta ish boshladi, deya xabar bergan “Xronika Turkmenistana”.

Foto: Turkmenportal

Turkmaniston Transport-logistik markazi temiryo‘l xabarnomalari xodimining aytishicha, zavodga kuniga 5 tadan 10 tagacha vagonda chigit olib kelinmoqda. Paxta chigiti oxirgi yillarda oktabrdan fevralga qadar tez-tez sotib olinadi. Shuningdek, O‘zbekistondan avtotransport vositasida ham chigit olib o‘tilmoqda. Endi zavod bir sutkada 300 tonna mahsulot yetkazib berishi mumkin, deyilgan nashr xabarida.

Turkmaniston O‘zbekistonga chigit evaziga benzin yubormoqda. Mamlakatda gazdan ishlab chiqariladigan benzinning yuborilishi 2019-yildan boshlangan. “Xronika Turkmenistana” nashrining taxminicha ikki davlat ushbu mahsulotlarni o‘zaro barter qilmoqda.

Ekspert-texnologlar “Axal” yog‘ining sifati yuqoriligi aynan O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta chigitlariga bog‘liq ekanligini ta’kidlagan.

Zavod ish boshlaganiga qaramay “Axal” paxta yog‘i hali ham aholi uchun sotuvga chiqarilmagan. Boshqa nomdagi yog‘ mahsulotlari ham davlat do‘konlarida tanqis bo‘lib qolgan. Viloyatlar va poytaxt Ashxobodda haftasiga ikki marta “Turkmanobod” yog‘lari sotilmoqda.

Poytaxt aholisining so‘zlariga ko‘ra Ashxobodning o‘zida Yoqimli (Ýakymly), Hazrat (Hezret), Archabil (Arçabil) kabi davlat do‘konlarida haftasiga ikki marta yuk mashinasida yog‘ olib kelinayotgani, sotuvchilar ulardan 2 blokdan 10 litrli yog‘ idishlarini tushirib olayotgani, yakunda navbatda turgan 40-50 odamdan 20 nafariga mahsulot taqsim qilib sotilmoqda.

Sotuvchilar “o‘lganning ustiga tepgan qilib” yog‘ yoniga “Sumbar” yarim litrli tozalangan suvini qo‘shib berayotgani, yog‘ va suv uchun jamisi 5 manat narx belgilab olgan. Aslida yog‘ 3,40 manat, suv esa 1 manat turadi. Xaridor ushbu savdoga rozilik bermasa, uning navbati keyingi odamga berib yuboriladi.

Avval Turkmaniston—O‘zbekiston chegarasidan maxfiy yuklar ortilgan furalar qatnovi amalga oshirilayotgani va ularning Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning opasi Gulnabat Dovletovaning imzosi va mamlakat Qizil yarim oy milliy jamiyatining “Tekshirish taqiqlanadi” muhri bilan ikki davlat o‘rtasida qatnovni amalga oshirayotgani xabar qilingan.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi ushbu xabarga munosabat bildirgan va mazkur holat yuzasidan o‘rganish ishlari amalga oshirilgani, ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qilgan.