AQSh prezidenti Donald Tramp IShID terroristik tashkilotining yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning Amerika harbiylari o‘tkazgan maxsus operatsiyada o‘ldirilganini e’lon qildi, deb yozmoqda Meduza.

Foto: Reuters

“Al-Bag‘dodiyning o‘limi sabab dunyoda adolat qaror topdi”, — deya ta’kidlagan Tramp maxsus murojaatida. Trampning Oq uydan turib qilgan murojaati Reuters agentligi tomonidan tranlyatsiya qilindi. AQSh davlat rahbarining aytishicha, tibbiy ekspertiza Al-Bag‘dodiyning o‘lganligini tasdiqlagan.

Tramp murojaati davomida ushbu qo‘shma operatsiyada ishtirok etgan harbiylarning hammasiga minnatdorchilik bildirdi. AQSh prezidenti birinchi navbatda mamlakat harbiylariga, Rossiya, Turkiya, Iroq, Suriya hamda kurd jangari guruhlariga tashakkurini bildirdi.

“U itdek o‘ldi. Endi dunyo ancha xavfsizroq bo‘ladi”, — deya qayd etgan Tramp bayonoti so‘ngida.

Tramp murojaatidan keyin jurnalistlarning savollariga javob berish vaqtida Rossiyaning Idlib viloyatida Amerika aviatsiyasining havo bo‘shlig‘idan foydalanishga imkoniyat yaratib berganligini ta’kidlagan.

Avval IShID terroristik tashkilotining yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning o‘ldirilganligi xabar qilingan, ammo uning o‘limi haqidagi faktlar rasman o‘z tasdig‘ini topmagandi. Shuningdek, endi IShID rahnamosi bo‘lishga ikki nafar da’vogar borligi va ularning Bag‘dodiyga yordamchi bo‘lganliklari ma’lum qilingan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.