Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on agar “Xalq o‘z-o‘zini himoya qilish kuchlari” kurd jangari guruhlari Suriya shimoli-sharqidagi hududni tark etmasa, Anqara ularga qarshi harbiy harakatlarni qayta boshlashini ma’lum qildi, deb yozmoqda “TASS”.

Foto: “Rossiyskaya gazeta”

Chegara hududimizda tarixiy ahamiyatga ega hodisalar sodir bo‘lmoqda. Biz qochoqlar uchun xavfsizlik zonasini tashkil qilmoqchimiz. Rossiya bilan mamlakat hududida ichkariga qarab 30 kilometr kenglikdagi va 340 kilometr uzunlikdagi hududda qo‘shma patrul tadbirlarini o‘tkazishni kelishdik. Agar terrorchilar ajratilgan 150 soat vaqt davomida hududni tark etmasa yana kuch ishlatishni boshlaymiz.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Turkiya prezidenti 

Turkiya prezidenti avval AQSh ham kurdlarning ushbu hududdan chiqib ketishini bildirgani, biroq ushbu voqea hanuzgacha sodir bo‘lmaganligini qayd etdi.

Shuningdek, Erdo‘g‘on Yevropa o‘z va’dasida turmasa, suriyalik qochoqlar uchun chegaralarni ochib yuborishini aytib tahdid qildi.

22-oktabrda Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin hamda Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Sochi shahrida Suriya shimoli-sharqida qo‘shma patrul tadbirlari o‘tkazish, bu yerdagi beqaror vaziyatni yaxshilash bo‘yicha hamkorlik qilish haqidagi memorandumni imzolagan. Shundan so‘ng Anqara “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasini yana 150 soatga to‘xtatgan.